Futbol bo‘yicha Osiyo qit’asida Jahon chempionati 3-saralash bosqichining 6-tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi. Mazkur tur doirasida “A” guruhida O‘zbekiston milliy terma jamoasi safarda KXDR termasiga qarshi o‘ynadi.

Laosdagi “Lao” stadionida o‘tkazilgan ushbu uchrashuvda futbolchilarimiz minimal 1:0 hisobida zafar quchdi. Yagona golga Abbosbek Fayzullayev 44-daqiqada mualliflik qildi. Ikkinchi bo‘limning 83-daqiqasida Umar Eshmurodov qo‘l bilan o‘ynagani uchun qizil kartochka bilan jazolandi va darvozamiz tomon penalti belgilandi. Posbonimiz O‘tkir Yusupov esa mazkur 11 metrlik jarima zarbasini qaytardi.

Shu tariqa, Srechko Katanets qo‘l ostidagi terma jamoamiz 3 ochkoni qo‘lga kiritdi.

Quyida O‘zbekiston terma jamoasining oldinda turgan 4 ta o‘yini bilan tanishing:

20.03.2025: O‘zbekiston — Qirg‘iziston;

25.03.2025: Eron — O‘zbekiston;

05.06.2025: BAA — O‘zbekiston;

10.06.2025: O‘zbekiston — Qatar.

Bu guruhdagi Qirg‘iziston va Eron termalari bahsi ham shiddatli o‘tdi. O‘z maydonida barcha raqiblarga qarshi kuchli o‘yin namoyish etayotgan Qirg‘iziston terma jamoasi 2:3 hisobida mag‘lub bo‘lgan bo‘lsa-da, Eronga qarshi yuqori saviyada o‘yin o‘tkazdi. Mazkur to‘qnashuvda Eronga g‘alaba keltirgan gollarga Mehdi Taremi, Solih Xardani, Sardor Azmun mualliflik qilgan bo‘lsa, mezbonlarning ikki goli Kojo Joel tomonidan kiritildi.

BAA bu turda o‘z maydonida Qatarni mehmon qildi. Keskin va murosasiz o‘tishi kutilgan ushbu o‘yinning 4-daqiqasida mezbonlar vakili Fabio Lima Qatar darvozasini aniq nishonga oldi. Buning natijasida o‘yin tizgini butkul BAA futbolchilariga o‘tdi. F.Lima 45, 45+5, 56-daqiqalarda raqib darvozasini ishg‘ol etdi. Yaxyo Al G‘assani esa 73-daqiqada jamoasining 5-golini kiritdi. Shu tariqa Fabio Lima uchun atalgan o‘yinda BAA Qatarni 5:0 hisobida tor-mor etdi.

“A” guruhida ushbu natijalardan so‘ng Eron 16 ochko bilan karvonboshiga aylandi. O‘zbekiston esa 13 ochko jamg‘arib ikkinchi, BAA esa 10 ochko bilan kuchli uchlikni yakunlab berdi. 6-turdan so‘ng Qatar 7 ochko to‘plab, to‘rtinchi o‘rinda joylashgan bo‘lsa, Qirg‘iziston 3 ochko bilan 5-o‘rinda, KXDR esa 2 ochko evaziga so‘nggi pog‘onada qoldi.

“B” guruhida yaqqol favorit deya e’tirof etilgan Janubiy Koreya 6-turda Falastinga qarshi o‘tgan safar uchrashuvida 1:1 hisobida durang qayd etdi. O‘yinning 12-daqiqasida Zayd Kunbar hisobni ochdi. Oradan 4 daqiqa o‘tib Son Xyon Min gol urib, vaziyatni tenglashtirdi. Quvayt – Iordaniya termalari bellashuvi ham 1:1 hisobida yakunlandi. Iroq esa O‘mon  maydonida 1:0 hisobida g‘alaba qozondi.

Qayd etilgan natijalardan so‘ng, Janubiy Koreya 14 ochko bilan birinchi pog‘onadagi o‘rnini yanada mustahkamladi. Uni ta’qib etayotgan Iroq ochkolarini 11 taga yetkazib oldi va ikkinchi pog‘onada qoldi. 9 ochko to‘plagan Iordaniya uchinchi pog‘onaga ko‘tarilgan bo‘lsa, O‘mon 6, Quvayt 4 ochko jamg‘arib, 4-5-o‘rinda joylashdi. Falastin hisobida hozircha 3 ochko mavjud.

“C” guruhida mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelayotgan Yaponiya safarda Xitoy terma jamoasi bilan to‘qnashdi va 3:1 hisobida zafar quchdi. Indoneziya esa Marselino Ferdinanning dubli evaziga Saudiya Arabistonini 2:0 hisobida taslim etdi. Bahrayn o‘z maydonida Avstraliya bilan 2:2 hisobida durangga imzo chekdi.

Mazkur terma jamoalar bahsining ilk daqiqasida Avstraliya terma jamoasi a’zosi Kusini hisobni ochgan bo‘lsa, 75-77-daqiqalarda Mahdi Abduljabbor, Mahdi Darvish Hasan gol urib, Bahraynni oldinga olib chiqdi. Ammo K.Yengi 90+6-daqiqada yana o‘zini ko‘rsatib, ikkinchi golga muallif bo‘ldi hamda jamoasini mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi.

Guruhda 7-turdan oldin Yaponiya 16 ochko bilan deyarli Jahon chempionati yo‘llanmasini hal qilgan holda karvonboshilik qilmoqda. Avstraliya esa 7 ochko bilan ikkinchi o‘rindan joy oldi. Indoneziya, Saudiya Arabistoni, Bahrayn va Xitoy terma jamoalari esa bir xil 6 ochko to‘plagan holda keyingi o‘rinlarda qayd etildi. Ularning guruhdagi taqsimoti gollar nisbatiga ko‘ra shakllantirildi.

Jahon chempionati 3-saralash bosqichining 7-tur uchrashuvlari keyingi yilning 20 mart kuni bo‘lib o‘tadi.

Ma’lumot o‘rnida: 2026 yilning 11 iyun — 19 iyul kunlari AQSH, Kanada va Meksika mamlakatlarida bo‘lib o‘tadigan futbol bo‘yicha Jahon chempionatida 48 ta jamoa ishtirok etishi belgilangan. Qit’amizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri 8 ta, qit’alararo pley-off o‘yinlari orqali esa bitta o‘rin ajratilgan.

Osiyo qit’asi uchun Jahon chempionatining 3-saralash bosqichida 18 jamoa har birida oltita jamoadan iborat uchta guruhga bo‘lindi va ular davra tizimida (uy-safar) bahslashadi. Har bir guruhdan eng yaxshi ikkita o‘rinni egallagan terma jamoa 2026 yilgi Jahon chempionatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanma oladi.

Osiyo saralash guruhlaridan uchinchi va to‘rtinchi o‘rinlarni egallagan 6 ta terma jamoa yakuniy bosqichda har biri uch jamoadan iborat ikkita guruhga bo‘lingan holda davra formatida kurash olib boradi. Osiyo pley-off bosqichidan eng yaxshi ikki o‘rinni egallagan jamoalar «JCH-2026» yo‘llanmasiga ega bo‘ladi. Har ikki guruhdan ikkinchi o‘rinni egallagan jamoalar qit’alararo pley-offda OFK nomidan ishtirok etadigan jamoani aniqlash uchun o‘zaro o‘yin o‘tkazadi.

Javohir Toshxo‘jayev,  

O‘zA