Ertaga, 21 noyabr kuni poytaxtimiz Toshkentda shaxmat bo‘yicha mukofot jamg‘armasi 75 ming AQSH dollaridan iborat “Prezident kubogi” bahslari boshlanadi.

Bugun, 20 noyabr kuni dunyoning ko‘zga ko‘ringan grossmeysterlari ishtirokida o‘tadigan turnirning tashkiliy masalalari ko‘rib chiqildi.

Shaxmatchilar o‘n kun davomida bosh sovrin uchun o‘zaro bahs olib borishadi. Ishtirokchilar FIDE reytingidagi o‘rinlariga qarab “A” va “V” guruhlarida dona surishadi.

Xalqaro turnir nizomiga ko‘ra, “A” guruhida reytingi 2250 va undan yuqori shaxmatchilar qatnashsa, “B” guruhidan reytingi 2249 va undan past shaxmatchilar joy olishgan. Klassik shaxmat bo‘yicha o‘tadigan ushbu musobaqada partiya 90 daqiqa va har bir yurish uchun 30 soniya vaqt qo‘shib beriladi.

Nufuzli musobaqaning “A” guruhida Top-10 ro‘yxatga kiritilgan shaxmatchilar qatnashadi. Yo‘llangan talabnomalarga binoan Nodirbek Abdusattorov (O‘zbekiston), Parham Magsudlu (Eron), Amin Tabatabai (Eron), Javohir Sindorov (O‘zbekiston), Shamsiddin Vohidov (O‘zbekiston), Nihal Sarin (Hindiston), Nodirbek Yoqubboyev (O‘zbekiston), Puranik Abhimanyu (Hindiston), Murali Kartikeyan (Hindiston), Muniretinam Pranesh (Hindiston) bosh sovrin uchun kurash olib boradi.

Xalqaro turnir bahslari 30 noyabrga qadar davom etadi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA