Bugun, 18 noyabr – O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilingan kun. Bundan 33 yil muqaddam, ya’ni 1991 yil 18 noyabrda “O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingan.
Mazkur qonunda O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i O‘zbekiston Respublikasi davlat suverenitetining ramzi ekani va O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i xalqaro munosabatlarda O‘zbekiston Respublikasining timsoli ekani belgilab qo‘yilgan.
Darhaqiqat, O‘zbekiston Respublikasi bayrog‘i – Vatan timsoli. Uni ko‘rganda, har bir yurtdoshimiz qalbida g‘urur, umid va ishonch uyg‘onadi.
Ayniqsa, yurtdan bir qadam olis ketgan fuqarolarimiz Vatan bayrog‘ini ko‘rganda, yuragi beixtiyor hapriqib ketadi. Ortida tog‘dek suyanchi – davlatimiz borligini his etadi.
Bayroqdagi ranglar, tasvirlar hayotbaxshligi, ya’ni unda tiriklik, tinchlik va yangilanishni aks ettiruvchi ma’no mujassamlashgani uchun ham u yuraklarimizga juda yaqin.
Ma’lumki, 2023 yilda “O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun qabul qilindi.
Mamlakatimizning jahon maydonidagi nufuzi tobora oshib borayotgani, ayniqsa, madaniyat, sport va ilm-fan sohalarida katta g‘alabalarga erishilib, O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i jahon uzra baland ko‘tarilayotganini inobatga olib, qonun bilan undan foydalanish imkoniyati yanada kengaytirildi.
Qonun bilan Davlat bayrog‘idan sport musobaqalarida, ommaviy jismoniy tarbiya va madaniy tadbirlarda, rasmiy xalqaro tadbirlarda, oilaviy bayramlarda, xotira sanalarini nishonlashda, jamiyat va davlat arboblari, harbiy xizmatchilarning dafn marosimlarida hamda boshqa hollarda hurmatni ta’minlagan holda foydalanish mumkinligini nazarda tutuvchi me’yorlar joriy etildi.
Bayroq tasviri tushirilgan belgilardan foydalanishda ham aholiga keng imkoniyatlar yaratildi. Jumladan, bayroqdan jamoat joylarida, binolar va boshqa ob’ektlarda, yashash yoki ish joylarida, transport vositalarining salonida, rasmiy xalqaro tadbirlarda, harbiy yoki boshqa davlat xizmatida bo‘lgan shaxslarning kiyim-boshida va farqlovchi nishonlarida, xalqaro sport musobaqalari hamda O‘zbekiston chempionatlari uchun sport kiyim-boshini tayyorlashda foydalanish mumkin.
Bundan tashqari, bayroqdan va uning tasviri tushirilgan belgilardan odob-axloq qoidalari va jamiyatda yurish-turish qoidalariga zid ravishda yoxud ularni tahqirlash hisoblanadigan boshqacha tarzda foydalanishga yo‘l qo‘yilmasligi ham qonunda aks etdi.
Qonun davlat bayrog‘idan foydalanish imkoniyatini kengaytirishga hamda aholi, ayniqsa yoshlarda vatanparvarlik hissining yanada oshishiga, eng muhimi, xalqimizning bayroq bilan yanada yaqinroq munosabatda bo‘lishiga zamin yaratdi.
Norgul Abduraimova, O‘zA