Poytaxtimizdagi “Universal” sport saroyida o‘tayotgan Kurash haftaligining navbatdagi kunida prokuratura organlari xodimlari g‘oliblik uchun bellashdi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri hamda Transport prokuraturasi, Bosh prokuratura akademiyasi va Majburiy ijro byurosi prokurorlari kurash gilamida o‘z mahoratlarini namoyish etdi.
Erkaklar o‘rtasida -66, -73, -81, -90, +90 kilogramm va ayollar o‘rtasida +63 kilogramm vazn toifasida bo‘lib o‘tgan “Prokuror polvoni” respublika turnirida 100 nafarga yaqin ishtirokchi qatnashdi.
—Davlatimiz rahbari tomonidan milliy sportimiz kurashning xalqaro maydonda rivojini ta’minlash bo‘yicha qabul qilgan qarorlari asosida o‘tgan yillar davomida ko‘plab ishlar amalga oshirildi. Kurashni ommalashtirish ommaviy musobaqalardan boshlanadi. Har bir oilaga kurash orqali sog‘lom turmush tarzi tamoyillari kirib borishini ta’minlash, huquq tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan xodimlarda azaliy qadriyatlarimizga e’tiborni kuchaytirish ustuvor vazifalardan biri etib belgilangan.
Haftalik doirasida davlat tashkilotlari, vazirlik va idoralar xodimlari o‘rtasida musobaqalar ko‘tarinki kayfiyatda o‘tdi. Bundan tashqari, Qurolli Kuchlar, Favqulodda vaziyatlar vazirligi kabi huquq-tartibot tashkilotlari xodimlari o‘rtasida ham kurash musobaqalari tashkil etildi. Bu kabi turnirlar kurashni umumxalq sport turiga aylantirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli, — dedi O‘zbekiston Kurash federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Qodirov.
Murosasiz bellashuvlarga boy kechgan musobaqalar yakunida o‘z vazn toifalarida Bobur Musurmonov, Muxriddin Hayitaliyev, Azizjon Boboqulov, Shohrux Fayziyev, Ulug‘bek Ismoilov va Zarnigor Ko‘charova g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarilgan bo‘lsa, Oybek Hayitmurodov, G‘ayrat To‘rayev, G‘ulom Saddinov, Nurbek Muxtorov, Uchqun Mamatraimov hamda Dilzoda Dovudova kabi havaskor sportchilar sovrindorlar qatoridan joy egalladi.
Umumjamoada esa Surxondaryo viloyati prokuraturasi birinchi, Bosh prokuratura jamoasi ikkinchi va Navoiy viloyati prokuraturasi polvonlari uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
G‘olib va sovrindorlar qimmatbaho sovg‘alar, pul mukofotlari, diplom va medallar bilan taqdirlandi.
Bugun, 16 noyabr kuni haftalik doirasida respublika faxriylar turniri, ertaga esa ayollar o‘rtasida “Kurash malikalari” respublika musobaqalari bo‘lib o‘tadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA