Yerdan oqilona va samarali foydalanish borasida amalga oshirilgan qator ishlar natijasida aholining yerga bo‘lgan munosabati tubdan o‘zgardi. Ammo sohada hanuz ayrim kamchiliklar saqlanib qolayotir.

Shu sababli, qonunchilikni yanada takomillashtirish zaruriyati yuzaga keldi. “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga yer uchastkalaridan samarali foydalanish, sohadagi huquqbuzarliklarning oldini olish mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun shu maqsadda ishlab chiqilgan.

Senat yalpi majlisida muhokama qilingan qonun bilan yer to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari talablarini buzganlik bilan bog‘liq qilmishlar uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda.

Yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish kabi jinoyatlar faqatgina prokuratura organlari tomonidan tergov qilinishi belgilanmoqda.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, bunday turdagi jinoyatlarni tergov qilish nafaqat prokuratura, balki ichki ishlar organlari tergovchilari tomonidan ham amalga oshirilar edi.

Iqtisodiy va Fuqarolik protsessual kodekslari cudlarda o‘zboshimchalik bilan egallangan davlat egaligidagi yer uchastkalarini qaytarish hamda noqonuniy qurilmalarni buzib tashlashga oid ishlarni ko‘rib chiqishning alohida tartibini belgilovchi normalar bilan to‘ldirilmoqda.

Shuningdek, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari fuqarolik va iqtisodiy sudlarga yer to‘g‘risidagi qonun buzilishi bilan bog‘liq da’vo ariza kiritishda davlat bojidan ozod etilishi belgilanmoqda.

Senatorlar ma’qullagan qonun yer uchastkalariga nisbatan sodir etilayotgan huquqbuzarliklarga qarshi kurashish samaradorligi oshishiga, jinoyatlar bo‘yicha yetkazilgan zararning o‘z vaqtida undirilishiga xizmat qiladi.

N.Abduraimova,

N.Haydarov (surat), O‘zA