Parijda YUNESKO Ijroiya kengashining 220-sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda a’zo mamlakatlar bir ovozdan “Sun’iy idrok odob-axloqi sohasidagi ilmiy tadqiqotlar uchun Beruniy nomidagi YUNESKO–O‘zbekiston mukofoti”ni ta’sis etish tashabbusini qo‘llab-quvvatladi.

Mazkur tashabbus O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan sun’iy idrokni rivojlantirishda axloqiy jihatlarni targ‘ib etish va bu boradagi ilmiy hamkorlikni rag‘batlantirish maqsadida ilgari surilgan.

Beruniy mukofoti inklyuzivlik va madaniy xilma-xillikka alohida e’tibor bergan holda sun’iy idrok odob-axloqi sohasidagi izlanishlarni rag‘batlantirishga qaratilgan. Bu O‘zbekiston bilan YUNESKO o‘rtasidagi ilmiy-madaniy aloqalarni mustahkamlash, buyuk mutafakkir va qomusiy olim Abu Rayhon Beruniy ilmiy merosini xalqaro miqyosda ommalashtirishda muhim qadam bo‘ladi.

Bu sun’iy idrok odob-axloqi sohasidagi yutuqlar uchun beriladigan BMT tizimidagi ilk xalqaro mukofot sanaladi. U har ikki yilda bir marotaba uch nafar g‘olibga topshiriladi. Taqdirlash sun’iy idrok sohasidagi ilmiy tadqiqotlarni yuksaltiruvchi va axloqiy tamoyillarning amalda qo‘llanilishini namoyish etuvchi loyiha va tashabbuslar uchun amalga oshiriladi. G‘oliblarga pul mukofoti, sertifikat va medal topshiriladi.

Mukofotning ilk taqdimoti 2025 yil noyabr oyida Samarqand shahrida YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi doirasida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

G‘oliblar sun’iy idrok sohasidagi yetakchi mutaxassislardan iborat mustaqil xalqaro hakamlar hay’ati tomonidan aniqlanadi.
Ushbu mukofot sun’iy idrokni ishlab chiqishda nafaqat axloqiy yondashuvlarning muhimligiga urg‘u beradi, balki jahonshumul chaqiriqlarga yechim topishga yo‘naltirilgan xalqaro ilmiy hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha yanada keng qamrovli sa’y-harakatlarning bir qismi hisoblanadi.

O‘zA