Orol dengizining qurishi nafaqat mintaqaviy, balki global miqyosda ekologik muvozanatning buzilishi va iqlim o‘zgarishiga salbiy ta’sirini ko‘rsatib kelmoqda. Mamlakatimizda ushbu ekologik muammoga ilmiy asosda yechim topish uchun katta e’tibor qaratilmoqda.
Nukus shahrida bo‘lib o‘tgan “TechnoWays” texnologik rivojlanish marafonining respublika bosqichi ishtirokchilari orasida ushbu global muammoni bartaraf etishga yordam beradigan loyihalar va qurilmalarni ishlab chiqib, taqdimot qilayotgan yoshlar ko‘pchilikni tashkil etdi.
Ulardan biri “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universitetining 4-bosqich talabasi Nu’monjon Ibrohimov bo‘lib, u mazkur marafonda “Agroqanot” jamoasi bilan birga ishtirok etdi.
– “Boyqush” qishloq xo‘jaligi ekin va dala maydonlariga avtomatlashtirilgan holda o‘simlik urug‘larini masofadan sepish va ekish uchun mo‘ljallangan uchuvchisiz boshqaradigan qurilma bo‘lib, u sho‘rlanish darajasi yuqori bo‘lgan Orol dengizining qurigan tubida saksovul o‘simligi urug‘ini yoyish uchun ham xizmat qiladi. Bizga ma’lum, dengizning qurigan sho‘rli tubida 2018 yilning dekabr oyidan buyon “yashil qoplamalar” himoya o‘rmonzorlarini barpo etish ishlari olib borilmoqda. Buning natijasida hozirgi kungacha dengizning 1 million 730 ming gektaridan ortiq hududida o‘rmonzor payda bo‘ldi. Biz taklif qilayotgan ushbu qurilma orqali Orol dengizining qurigan tubida o‘sishga moslashgan saksovul o‘simligi urug‘ini sepish ishlarini samarali va kam xarajat sarflagan holda amalga oshirish imkoni bor, – deydi Nu’monjon.
Shuningdek, mazkur qurilma bog‘dorchilikda daraxtlarni changlatish, qishloq xo‘jaligi asbob-uskunalarini tashish imkoniyatiga ham ega.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.