Kambodjada kikboksing bo‘yicha o‘tkazilgan Osiyo chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari 20 ta oltin, 5 ta kumush va 3 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida birinchi o‘rindan joy oldi.

Ana shunday yorqin g‘alabalarni qo‘lga kiritgan terma jamoamiz a’zolari Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi. Ushbu marosimda O‘zbekiston sport vazirligi, kikboksing federatsiyasi va boshqa jamoa tashkilotlarining mutasaddi rahbarlari, OAV vakillari hamda sportchilarimizning ota-onalari ishtirok etdi.

– Kambodjada o‘tkazilgan Osiyo chempionatida terma jamoamizdan tashqari Qozog‘iston, Vetnam va Kambodja vakillari yuqori natijalar ko‘rsatdi. Keskin va murosasiz o‘tkazilgan bellashuvlarda sportchilarimiz muvaffaqiyatli ishtirok etib, qit’ada tengsiz ekanliklarini yana bir karra isbotladi, – deydi O‘zbekiston kikboksing assotsiatsiyasi raisi Oybek Narmetov. – Ushbu muvaffaqiyatga erishishimizda mamlakatimizda kikboksing sport turiga qaratilayotgan ulkan e’tibor va sportchi-murabbiylarga yaratib berilayotgan keng imkoniyatlarning o‘rni bor, albatta. Umid qilamizki, kikboksingchilarimiz bu kabi yuqori natijalarni qo‘lga kiritishda davom etadi.

Ma’lumot o‘rnida: Kambodja mezbonligida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida 23 terma jamoa ishtirok etdi. Unda O‘zbekiston, Qozog‘iston va Vetnam terma jamoalari umumjamoa hisobida kuchli uchlikdan o‘rin oldi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA