Poytaxtimizdagi “Olimpiya va paralimpiya shon-shuhrati” muzeyida “Toshkent-2025” yoshlar Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik bo‘yicha Osiyo Olimpiya kengashi (OOK) Muvofiqlashtiruvchi qo‘mitasining ishchi guruh a’zolari ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi.
Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri o‘rinbosari Shaxrillo Mahmudov, Xalqaro xokkey federatsiyasi prezidenti, OOK koordinatsion qo‘mitasi raisi Tayyab Ikram, OOK Bosh direktori o‘rinbosari Vinod Kumar, “Toshkent-2025” direksiyasi direktori, Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov “Toshkent-2025” yoshlar Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlikning borishi, o‘tkaziladigan tadbirlar va boshqa masalalar xususida jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berdi.
Anjuman davomida OOK mutasaddilari “Toshkent-2025” o‘yinlarini yuqori darajada o‘tkazish borasida katta hajmdagi ishlar olib borilayotgani, har bir sport turi bo‘yicha hakamlar, texnik vakillarni belgilash borasida Osiyo sport federatsiyalari bilan hamkorlik ishlari yo‘lga qo‘yilgani, o‘yinlar doirasida Osiyo olimpiya kengashining bir qator xalqaro yig‘ilish va tadbirlari aynan poytaxtimizda tashkil etilishi ko‘zda tutilayotganini bildirdi.
Xalqaro xokkey federatsiyasi prezidenti, OOK koordinatsion qo‘mitasi raisi Tayyab Ikram keyingi yillarda jahon miqyosidagi ko‘plab musobaqalar aynan O‘zbekistonda o‘tkazilayotgani, Parijda o‘tgan yozgi Olimpiya o‘yinlarida mamlakatimiz sportchilarining erishgan yutuqlari tarixiy bo‘lgani bu, o‘zbek sportining katta potensialidan dalolat berishini aytib, “Toshkent-2025” o‘yinlari Osiyo qit’asida olimpiya harakatini yangi yuksalish pog‘onasiga olib chiqishini ta’kidladi.
O‘z navbatida, sport vaziri o‘rinbosari Sh.Mahmudov “Toshkent-2025” o‘yinlari mamlakatimiz sport hayotida muhim ahamiyat kasb etishini, o‘yinlar soha mutasaddilari, mutaxassislari, trener va sportchilarga ikki hissa mas’uliyat yuklashini bildirib, “kichik olimpiada”ni har jihatdan bayramona tashkil etish bir masala bo‘lsa, unda sportchilarimizning munosib natijalarga erishishi yanada ahamiyatli jihat ekanligini aytib o‘tdi.
“Toshkent-2025” direksiyasi direktori, Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov poytaxtimizda bunyod etilayotgan “Olimpiya shaharchasi”dagi har bir majmuani sport turlariga xos va mos holatda jihozlash, Toshkentga keladigan sport delegatsiyalarni kutib olish, mehmonxonalarga joylashtirish, mashg‘ulot jarayonlarini tashkil etish, media markaz, texnik delegatlar, musobaqalarga keladigan sport ishqibozlariga yaratilishi kerak bo‘lgan qulayliklar borasidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
T.Ro‘ziyev, Muhammad AMIN (surat),O‘zA