Xitoy shu oyda Rossiya bilan birga “North-Joint 2024” qo‘shma harbiy mashg‘uloti o‘tkazilishini e’lon qildi. Maqsad – harbiylar o‘rtasidagi “strategik hamkorlikni kuchaytirish” va “xavfsizlikka tahdidga birgalikda qarshi kurashish” qobiliyatini mustahkamlash.
XXR Mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, har ikki mamlakat harbiy-dengiz kuchlari va harbiy aviatsiyasi Yapon va Oxota dengizining Rossiya qirg‘og‘i yaqinida maxsus mashq olib boradi. Dasturga movofiq, “Tinch okeanining muhim suvli hududlari”ga qo‘shma dengiz patruli yuboriladi.
Xitoy tomoni Rossiyaning “Okean-2024” strategik mashg‘ulotida ishtirok etadi. Tadbirlarning aniq sanasi ma’lum emas.
Ukraina bilan davom etayotgan urush asnosida Rossiya va Xitoy iqtisodiy, diplomatik va mudofaa sohalarida hamkorlikni kuchaytirib, G‘arbga qarshi “chegarasiz” sheriklik va hamjihatlikni taklif qilmoqda. Masalan, joriy yil iyul oyi o‘rtalarida Chjanszyan port shahri qirg‘og‘i yaqinida suv va havoda qo‘shma harbiy mashg‘ulot o‘tkazildi.
NATO, shuningdek, Qo‘shma Shtatlar va boshqa ittifoqchi davlatlar Xitoy rahbariyatini “Rossiyaning Ukrainaga qarshi harbiy tajovuzini qo‘llab-quvvatlayotgani uchun” qoralab keladi. Pekin bunga javoban muntazam ravishda Shimoliy Atlantika alyansini “qarama-qarshilik qo‘zg‘atmaslik”ka chaqiradi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA