Kecha Ostona shahrida V Jahon ko‘chmanchilar o‘yinlari tantanali ravishda ochildi.“Astana Arena” stadionida bo‘lib o‘tgan marosimga 3 ming nafar san’atkor jalb etilgan.
Dasturga ko‘ra, dastlab tomoshabinlar yirik sport anjumanlari uchun an’anaviy hisoblangan tadbir – ishtirokchi davlatlar vakillarining maydon uzra yurishini kuzatishdi. Tribunalar bo‘ylab qadam tashlagan o‘zbekistonlik sportchilarni ham qardosh yurtda to‘plangan muxlislar alohida olqishlab turdi.
Marosimda Prezident Qosim-Jomart Toqayev so‘zga chiqib, o‘yinlarni rasman ochib berdi. Shundan so‘ng V Jahon ko‘chmanchilar o‘yinlari tashkiliy qo‘mitasi raisi Roman Sklyar va Jahon etnik sport konfederatsiyasi prezidenti Bilol Erdog‘an ham so‘zga chiqdi.
Ulkan anjumanning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Tatariston rahbari Rustam Minnixonov, Turkmaniston Xalq Maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedov, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov singari oliy martabali mehmonlar ishtirok etdi.
Mazkur musobaqa doirasida jamoalar Ostona shahridagi eng yaxshi sport maydonchalarida 21 sport turi, jumladan ot poygasi, kurashning milliy turlari, an’anaviy intellektual o‘yinlar, jang san’ati, an’anaviy o‘q otish, qush ovining milliy turlari, ot musobaqalari, xalq o‘yinlari bo‘yicha raqobatga kirishadi.
Tashkilotchilar tomonidan 10 gektar joyda maxsus barpo etilgan “Kөshpendіler Әlemі” etnografiya ovulida ko‘chmanchi xalqlarning asl madaniyati, xususan qozoq xalqining boy merosi olami bilan tanishish mumkin.
13 sentyabrgacha davom etadigan V Jahon ko‘chmanchilar o‘yinlarida 89 davlatdan 2800 ga yaqin ishtirokchi ro‘yxatdan o‘tgan. Ular 97 to‘p medallar jamlanmasi uchun kurash olib borishadi.
G.Sattorova,
O‘zA