“Qozog‘iston Respublikasi, Qirg‘iz Respublikasi, Tojikiston Respublikasi, Turkmaniston va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida yoshlarga oid siyosatning umumiy yo‘nalishlari to‘g‘risidagi Bitimni (Dushanbe, 2023 yil 14 sentyabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun qabul qilinishi kutilmoqda.

Mazkur Bitim 2022 yil 21 iyulda Cho‘lpon-Otada o‘tkazilgan Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining IV maslahat uchrashuvida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusiga ko‘ra ilgari surilgan.

Bitimda yoshlar ishtirokida ommaviy tadbirlar, loyihalar, yoshlar lagerlari, davlatlararo yoshlar aksiyalari, seminarlar, munozara klublari, davra suhbatlari, yoshlar forumlari va mintaqadagi yoshlar siyosatining dolzarb masalalariga bag‘ishlangan konferensiyalarni tashkil etishga ko‘maklashish kabi masalalar nazarda tutilgan.

Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi majlisida ko‘rib chiqilgan qonunning qabul qilinishi Markaziy Osiyo davlatlarining yoshlar siyosati sohasida sheriklik munosabatlarini rivojlantirishga imkon yaratishi qayd etildi.

Yangi huquqiy asos mintaqadagi yoshlar o‘rtasidagi yaqin hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

N.Abduraimova,

O‘zA