Poytaxtimizda “Markaziy Osiyoda barqaror hamjamiyatlarni shakllantirish – ijtimoiy ish va ijtimoiy xizmatlar orqali bolalar, yoshlar, ayollar va oila farovonligiga ko‘maklashish” mavzusida mintaqaviy forum bo‘lib o‘tmoqda.

Ushbu forum O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bolalar jamg‘armasi (YUNISEF)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi va YUNISEFning Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqaviy byurosi hamda Kolumbiya universiteti ijtimoiy ish maktabi bilan o‘zaro hamkorlikda tashkil etildi.

Tadbirda nufuzli xalqaro tashkilot vakillari, 7 ta xorijiy mamlakatdan 62 nafar xalqaro ekspertlar, davlat tashkilotlarining rahbarlari ishtirok etmoqda.

Ma’lumki, yurtimizda aholini ijtimoiy himoya qilish va qo‘llab-quvvatlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ijtimoiy xizmatlar tizimlarini rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Aholining turli qatlamlari — xotin-qizlar, bolalar, nogironligi bor bo‘lgan fuqarolar, ijtimoiy muhofazaga muhtoj insonlar bilan ishlash va ularga har jihatdan ko‘mak berishga qaratilgan tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilmoqda.

Forumda qayd etilganidek, Markaziy Osiyo va Yevroosiyo mintaqasidagi hamkorlar bilan ijtimoiy himoya sohasida aloqalarni kengaytirishda bu kabi anjumanlar muhim ahamiyat kasb etadi. Ijtimoiy himoya sohasidagi salohiyatli kadrlar, o‘z ishining ustasi bo‘lgan mutaxassislar bilan o‘zaro tajriba almashish hamda ushbu tizim tashkilotlarida ishlaydigan xodimlarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish, o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirishga xizmat qiladi.

Mintaqaviy forum ishtirokchilari turli mavzulardagi sessiyalar davomida ijtimoiy ish sohasidagi metodologiya va tajribalarni muhokama qildi.

Kolumbiya universiteti Ijtimoiy ish maktabi professori Luiza Gilbert o‘z nutqida bugungi kunda O‘zbekistonda ijtimoiy ishning to‘g‘ri tashkil etilganini ta’kidladi.

Mazkur sessiya davomida O‘zbekiston, Qozog‘iston va Tojikiston misolida ijtimoiy ishning tashkil etilishidagi afzalliklar, ijtimoiy ish ta’limining kompensatsiyaga asoslangan modelini integratsiyalash mavzularida xalqaro ekspertlarning taqdimotlari bo‘lib o‘tdi.

Shuningdek, forum davomida Markaziy Osiyo mintaqasidagi zaif guruhlar uchun ijtimoiy tadqiqotlar va hamjamiyat yetakchiligidagi aralashuvlar, eng zaif jamiyatlar uchun paydo bo‘ladigan ijtimoiy va jamoat salomatligi muammolariga barqaror yechimlar yaratish masalalari muhokama qilindi.

Bu kabi forumlar xalqaro tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlab, ijtimoiy himoya sohasida samarali, dalillarga asoslangan strategiya va dasturlarni ishlab chiqishga yordam beradi. Shuningdek, O‘zbekistondagi ijtimoiy ish ta’limi va amaliyotini yanada yaxshilashga zamin bo‘ladi.

Muhtarama Komilova,

Rustam Nazarmatov (surat),

O‘zA