2024 yil 5-6 sentyabr kunlari Toshkent shahrida “Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan davlatlar oziq-ovqat xavfsizligi va Barqaror rivojlanish maqsadlari” mavzusida xalqaro forum tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Forum doirasida qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Mo‘g‘uliston oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi va yengil sanoat vaziri Jadambar Yenkhbayar bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Xususan, Mo‘g‘uliston davlati bilan qishloq xo‘jaligining bir qator tarmoqlari, ayniqsa chorvachilik yo‘nalishida hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish zarurligi, bunda Mo‘g‘uliston tajribasini O‘zbekistonda joriy etish muhim masala ekani aytib o‘tildi. Bundan tashqari ikki davlat o‘rtasida eksport-import aloqalarini mustahkamlash borasida logistika masalasi ham dolzarb ekani qayd etildi.

Uchrashuv yakunida I.Abdurahmonov O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi sohasida imkoniyatlar kengligini, bu borada har qanday hamkorlikka tayyor ekanini ma’lum qildi.

Shuningdek, Malayziyaning “Meraque Group Sdn Bhd” kompaniyasi rahbari Razali Ismail bilan ham uchrashuv tashkil etildi.

Muloqot davomida ikki tomonlama hamkorlik masalalari hamda yangi loyiha bo‘yicha muhokama olib borildi. Razali Ismail O‘zbekiston bilan hamkorlik qilish har qachongidan ham manfaatli ekanini ta’kidlar ekan, bu zamin ayni qishloq xo‘jaligida yaxshi maydonligini aytib o‘tdi.

Shundan so‘ng “Meraque Group Sdn Bhd” kompaniyasining kichik hajmdagi aqlli qishloq xo‘jaligi texnikalari, tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini O‘zbekistonda ishlab chiqarish tizimini yo‘lga qo‘yish borasida muhokamalar olib borildi. Muzokaralar natijasi o‘laroq, ikki tomonlama anglashuv memorandumi imzolandi.

Maqsad o‘zaro tajriba almashish, innovatsion qishloq xo‘jaligi amaliyotini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish, yurtimizda innovatsion “Meraque Group Sdn Bhd” texnologiyalarini ishlab chiqarish barobarida aqlli qishloq xo‘jaligini yaratishdan iborat.

Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, “Meraque Group Sdn Bhd” kompaniyasi 2018 yil start-up loyiha asosida tashkil etilgan bo‘lib, hozirgi kunda 200 nafar olim, muhandis va yoshlarni ish bilan ta’minlagan. Kompaniya asosan, aqlli qishloq xo‘jaligi texnikalari hamda maxsus dronlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi.

Muhayyo Toshqorayeva,  

O‘zA