Shu kunlarda Mustaqilligimizning 33 yilligi munosabati bilan diplomatik korpus vakillari, xalqaro tashkilotlar rahbarlari yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga munosabat bildirib, xalqimizni ulkan shodiyona bilan qutlamoqda.
Xususan, YUNESCOning O‘zbekistondagi vakili Sara Noshadi ham O‘zA orqali bayram tabrigi yo‘lladi:
– Ma’lumki, so‘nggi yillarda O‘zbekiston va YUNESKO o‘rtasidagi munosabat jonlandi. Mustahkam hamkorlikning asosiy omili madaniy merosni asrab-avaylash, ta’limni yuksaltirish va barqaror rivojlanishga ko‘maklashishga qaratilgan umumiy sadoqatga asoslanadi. Respublika tashabbuslarimizda faol ishtirok etib, mavjud sheriklikni yanada mustahkamlayapti.
YUNESKO shafeligida O‘zbekistonda yirik anjumanlar o‘tkazish an’anaga aylandi. Ana shunday yirik tadbirlardan biri “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalidir.
Mazkur musiqa bayrami bugungi kunga kelib Sharqning boy an’anasini tarannum etish maqsadida turli mamlakatlar san’atkor va olimlarini birlashtiradigan yirik madaniy almashinuv maydoniga aylandi.
Bizning tinchlik va madaniy xilma-xillikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan missiyamizda alohida o‘rin tutadigan ushbu tadbir turli madaniyatlar o‘rtasida muloqot o‘rnatish va o‘zaro anglashuvni chuqurlashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Ko‘p yildan buyon Samarqandda nafaqat jonli madaniy meros namoyish etilyapti, balki O‘zbekistonning xalqaro madaniy hamkorlik markazi sifatidagi mavqei ham mustahkamlanmoqda.
13-bor uyushtirilgan bu galgi festival mamlakatdagi yana bir katta shodiyona – Mustaqillikning 33 yilligi bayramiga ulanib ketdi.
Shu o‘rinda aytish kerak, mustaqillik xalqning suvereniteti va o‘z taqdirini o‘zi belgilashini ta’minlaydigan buyuk ne’mat, imkoniyat. Menimcha, istiqlol millatning o‘ziga xosligi, o‘z yo‘lini belgilash erkinligi mohiyatini belgilaydi. Madaniy merosni asrab-avaylash, ta’limni rivojlantirish, xalqning qadriyati va intilishini aks ettiruvchi kelajakni qurish salohiyatini ham ifodalaydi. Har qanday el uchun mustaqillik shunchaki tarixiy yutuq emas, balki taraqqiyot, hamjihatlik va fuqarolar farovonligini ta’minlash mas’uliyatidir.
O‘zbekistonda shunday ayyom nishonlayotgan bir payt o‘tmishni e’zozlash, bugungi kun bilan yashash, yorug‘ va farovon kelajakka intilish ruhi hukmron.
Ayni kunlarda tarixiy sanani nishonlayotgan xalq uchun chin dildan tinchlik, hamjihatlik va farovonlik bardavomligini tilayman. Millatning boy madaniy merosi yorug‘ va muvaffaqiyatli kelajak barpo etish yo‘lida g‘urur va ilhom manbai bo‘lsin.
Barcha o‘zbekistonliklarga ulug‘ bayram muborak! Istiqlol ruhi yurtni davomiy taraqqiyot va hamjihatlik sari yetaklasin!
O‘zA muxbiri Go‘zal Sattorova yozib oldi.