Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ishlab chiqilgan «Tirik tarix» turkum filmlarini yaratish loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Kinematografiya agentligi direktori Shuhrat Rizayev keyingi yillarda milliy kino san’atini rivojlantirishning yangi bosqichi boshlanganini e’tirof etdi. Bugungi kunda milliy tariximiz hamda mamlakatimizda kechayotgan yangilanish jarayonlarini aks ettirishga oid ko‘plab yangi filmlar yaratilib, tomoshabinlarga taqdim etildi. Ayniqsa, shu yil 16 may kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning kino sohasi vakillari bilan uchrashuvi soha xodimlari mas’uliyatini yanada kuchaytirmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2024 yil 5 iyunda qabul qilingan «Kinematografiya sohasini yanada rivojlantirish hamda mamlakatimiz tarixiga bag‘ishlangan filmlar turkumini yaratishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori bu boradagi ishlarni tobora yuksaltirish imkonini berayotgani bilan ahamiyatlidir.
Mazkur qaror kinematografiya sohasini yangi bosqichga ko‘tarish, milliy davlatchiligimizning uch ming yildan ziyod tarixini, buyuk ajdodlarimizning ilmiy, madaniy va ma’naviy merosini aks ettiruvchi filmlar turkumini ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlashdek ezgu maqsadlarni ko‘zlagani bilan ahamiyatlidir.
Hujjatga ko‘ra, Madaniyat vazirligi, Fanlar akademiyasi, Kinematografiya agentligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Milliy kinematografiyani rivojlantirish markazi, O‘zbekiston kinoarboblari ijodiy uyushmasi hamda ilmiy-ijodiy jamoatchilikning takliflari asosida 2024-2027 yillarga mo‘ljallangan «Tirik tarix» filmlar turkumini yaratishni ko‘zda tutadi.
Ushbu loyiha orqali xalqimizning qadimiy tarixi va boy madaniyati, azaliy qadriyat va an’analari, ezgu orzu-intilishlarini chuqur ilmiy asoslarga tayanib, to‘laqonli aks ettirish, Vatan ozodligi va ravnaqi yo‘lida kurashgan buyuk sarkarda va davlat arboblarining murakkab hayoti va davlatchilik faoliyatini xolis va haqqoniy ko‘rsatib berish, tariximizda yorqin iz qoldirgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlar, alloma va mutafakkirlar, shoir va adiblar, ma’rifatparvar jadid bobolarimiz, atoqli san’atkorlarning ilmiy-ijodiy merosi, ularning umumbashariy tamaddun rivojiga qo‘shgan munosib hissasini yuksak g‘oyaviy-badiiy saviyada namoyish etishdek vazifalar belgilangan.
Mazkur loyiha 54 ta yangi film suratga olinishini ko‘zda tutadi. «Tirik tarix» turkumi doirasida dastlabki kartina – «Bahodir Yalangto‘sh» filmi mamlakatimizning keng jamoatchiligiga manzur bo‘ldi. Ayni paytda ushbu kartinaga xorijda ham katta qiziqish bildirilmoqda.
«Tirik tarix» turkum dasturi kino sohasidagi barcha ijodiy kuchlarni birlashtirish orqali xalqimizga yetuk, badiiy barkamol asarlar taqdim etishni ko‘zlashi bilan ahamiyatlidir. Dastur doirasida yosh kinochilar uchun tarix va adabiyot bo‘yicha maxsus o‘quv kurslari ham tashkil etilishi rejalashtirilgan. Ushbu o‘quv mashg‘ulotlari yurtimizning yetakchi olimlari, ekspertlari tomonidan olib borilishi ko‘zda tutilgan. O‘quv kurslari davomida tarixiy mavzularga qanday yondashish haqida olimlar, yirik mutaxassislar o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashadi.
«Tirik tarix» turkum dasturi doirasida «Maxtumquli», «Ulug‘ Amir Temur va donna Mariya», «Yulduzlar shu’lasi: Jomiy va Navoiy» , «O‘zbek arsloni», «Xiva langari» va boshqa ko‘plab filmlar kino muxlislari e’tiborga havola etiladi. Shu bilan birga tariximizning yana ko‘plab sahifalarini aks ettiruvchi «Guloyim va qirqqiz», «Nur va ziyo», «Al-Xorazmiy», «Mirzo Ulug‘bek», «Shahobiddin Marjoniy» va boshqa filmlar taqdim etiladi.
Matbuot anjumanida «Tirik tarix» turkum dasturi doirasidagi barcha filmlar, mazkur loyihadan tashqari suratga olinayotgan ekran asarlari, yangi rejalar haqida keng va batafsil ma’lumotlar berildi.
Nazokat Usmonova, Oybek Pardayev (surat), O‘zA