Mamlakatimizda 2 ming 676 ta foydali qazilma koni mavjud bo‘lib, ulardan ruxsatnoma asosida tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan 2 mingdan ziyod foydali qazilma qazib olinmoqda.
Ayniqsa, qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish rivojlanmoqda. Prezidentimizning 2018 yil noyabrdagi tegishli qarori bilan tadbirkorlikning bir turi sifatida mazkur faoliyatning huquqiy asoslari yaratildi.
2019-2023 yillar mobaynida qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyati uchun 300 dan ziyod ruxsatnoma rasmiylashtirilib, tadbirkorlik faoliyatining qonuniyligi ta’minlangan.
Ammo ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga qaramasdan, qimmatbaho metallarni noqonuniy qazib olish bilan bog‘liq holatlar hamon kuzatilmoqda. O‘tgan bir yilda qimmatbaho metallarni noqonuniy yo‘l bilan qazib olish bilan bog‘liq 100 dan ziyod holat aniqlangan.
Jizzax, Samarqand, Navoiy va Toshkent viloyatlarida jami 79 nafar jismoniy shaxsga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Sohada huquqbuzarlik holatlari ortib borishi mazkur qilmishlarni sodir etganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishni taqozo etmoqda.
Senat yalpi majlisida muhokama qilingan «O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga yerni va yer osti boyliklarini asrab qolishga hamda muhofaza qilishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida»gi qonun shu maqsadga qaratilgan.
Qonun bilan foydali qazilmalarni qonunga xilof ravishda qazib olish ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin takror sodir etganlik uchun, shuningdek, foydali qazilmalarni oltin izlovchilar usulida ruxsatnomasiz qazib olganlik uchun jinoiy javobgarlikni nazarda tutadigan normalar Jinoyat kodeksida mustahkamlanmoqda.
Bundan tashqari, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish, o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalarida qurilish ishlarini amalga oshirish, shuningdek, yer berish tartibini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxslarga nisbatan ma’muriy bayonnoma tuzish yuzasidan ichki ishlar organlariga zarur vakolatlar berilmoqda.
Senatorlar ma’qullagan qonun yerni va yer osti boyliklarini asrab qolish hamda muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishini, shuningdek, mazkur sohadagi huquqbuzarliklarning samarali profilaktikasini ta’minlashga xizmat qiladi.
N.Abduraimova, N.Haydarov (surat), O‘zA