“O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 6 avgustdagi farmoni hamda Ozarbayjon Respublikasi Prezidentining 2024 yil 22 iyuldagi farmoniga asosan, Polad Byulbyulog‘luga “O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti” hamda Farrux Zokirovga “Xalq artisti” unvonlarini tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda qayd etilganidek, tili, madaniyati, orzu-umidlari, intilishlari bir-biriga hamohang bo‘lgan O‘zbekiston va Ozarbayjon xalqlari o‘rtasidagi o‘zaro do‘stlik aloqalari tobora rivojlanib bormoqda. Bu boradagi do‘stlik aloqalarini ravnaq toptirishda san’at va madaniyat ahlining o‘rni va hissasi tobora ortmoqda.
Tantanali tadbirda O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov ozarbayjonlik mashhur san’atkor Polad Byulbyulog‘luga “O‘zbekiston xalq artisti” faxriy unvonini, Ozarbayjon Respublikasi madaniyat vaziri Adil Karimli o‘zbekistonlik ustoz san’atkor Farrux Zokirovga qardosh mamlakatning “Xalq artisti” yuksak unvonini topshirdi.
– Azaldan xalqlarimiz do‘st, qardosh, qondosh bo‘lib kelgan, – dedi ozarbayjonlik mashhur xonanda, O‘zbekiston xalq artisti Polad Byulbyulog‘lu. – Otam O‘zbekistonga tez-tez kelib turar edilar. Bu tabarruk yurtga doim cheksiz muhabbat, hurmat va ehtirom bilan qaraganmiz. Ikki davlat rahbarlarining tashabbuslari asosida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalar misli ko‘rilmagan yangi bosqichga ko‘tarildi. Bunday yuksak e’tirofdan g‘oyat minnatdorman.
–Bu unvon mening xalqimga, O‘zbekistonimga, madaniy qadriyatlarimizga, davlatimiz rahbariga bo‘lgan cheksiz hurmatning amaliy namunasidir, – dedi ustoz san’atkor, O‘zbekiston, Ozarbayjon xalq artisti Farrux Zokirov. – Bu kabi tadbirlar do‘stligimiz abadiy, mustahkam va doim barqaror ekanidan darak beradi.
Tantanali tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston xalq artisti Nasiba Abdullayeva, Ozarbayjon milliy madaniyat markazi boshqaruv kengashi a’zosi Ali Nasirli va boshqalar ikki xalq o‘rtasidagi do‘stona aloqalar bugun yuksak bosqichga chiqqani bizning eng katta yutuqlarimizdan biri ekanini alohida e’tirof etdi.
Nazokat Usmonova,
Alimurod Mamadaminov (surat),
O‘zA muxbiri