Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Inson huquqlari bo‘yicha kengashining Munosib turar-joy masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Balakrishnan Rajagopal O‘zbekistonga tashrifi doirasida huquqiy idoralar mas’ul shaxslari bilan uchrashdi.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori o‘rinbosari Salom Samadov, Majburiy ijro byurosi direktorining o‘rinbosari Zokirjon Xolmuhamedov va adliya vazirining o‘rinbosari Muzraf Ikromov bilan qo‘shma uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuv davomida Maxsus ma’ruzachiga davlatimizda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlash, ularni uy-joy bilan ta’minlash, uy-joyi buzilishga tushganlarga kompensatsiya to‘lovlarini amalga oshirish, qurilish sohasidagi qonunbuzilishlar uchun jazo muqarrarligi ta’minlanishi haqida ma’lumotlar berildi.
B.Rajagopal mamlakatda uy-joy bilan ta’minlash sohasida olib borilayotgan siyosatni qo‘llab-quvvatlagan holda o‘zining ijobiy fikrlarini bildirdi hamda tavsiyalari bilan o‘rtoqlashdi.
Uchrashuv do‘stona va konstruktiv muloqot tarzida o‘tdi.
N.Abduraimova,
O‘zA