–
Markaziy Osiyo strategik joylashuvi va boshqa imkoniyatlari tufayli doimo xalqaro jamoatchilik diqqati markazida bo‘lib kelgan. Shu ma’noda mintaqada yuz berayotgan global ahamiyatga molik voqealar tahlili ko‘pchilik uchun qiziqarli ekanligi tabiiy.
Issiqko‘lda sel: 500 ga yaqin uy vayron bo‘ldi
Qirg‘izistonda dam olish kunlari kuchli yomg‘ir yog‘ib, Issiqko‘l viloyatiga sel keldi. Bu haqda yaqin hamkorimiz “Kabar” yozgan.
Dastlabki ma’lumotga ko‘ra, 497 uy, bolalar bog‘chasi, tez tibbiy yordam manzili, kutubxona va aholi dam olish maskanlari zarar ko‘rgan.
“Oqsoy” qishlog‘ida tun payti 30 uyni suv bosdi, sakkiz kishi, jumladan olti yashar bola evakuatsiya qilindi. Favqulodda hodisa “Bulan sogot”, “Temirovka” va “Korumdu” qishloqlarida ham kuzatildi. Temirovkada 100 dan ortiq xonadon suv yo‘lida qoldi.
Sel oqimi “Bulan sogot” qishlog‘idagi “Issiqko‘l-Avrora” sanatoriysi hovlisiga ham kirib borgan.
Mamlakat Favqulodda vaziyatlar vazirligi bayonotiga ko‘ra, tabiiy ofatni bartaraf etishda 358 nafar qutqaruvchi, 59 maxsus texnika jalb etilgan.
60 ta uy to‘liq tozalangan.
Ayni payt viloyatning Jeti Oguz, Issiqko‘l va Ton tumanlarida favqulodda holat e’lon qilindi. Qutqaruvchilar tozalash ishlarini davom ettirmoqda.
Qozog‘iston maymun chechagi tufayli chegarada nazoratni kuchaytirdi
Qozog‘iston chegarasida, jumladan aeroportlarda maymun chechagi tufayli nazorat choralari kuchaytirildi. Kasallik qayd etilgan davlatlardan kelayotgan fuqarolarga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi hozircha kasallanish holati kuzatilmaganini ta’kidladi. Shunga qaramay, tibbiyot xodimlari fuqarolarga bemorlar va yovvoyi hayvonlarga nisbatan masofani saqlash, qo‘llarni muntazam ravishda yuvish va dezinfeksiya vositalaridan foydalanishni tavsiya qilmoqda.
Shuningdek, kasallanish holati qayd etilgan o‘lkalarga, zarur bo‘lmasa, bormaslik tavsiya etildi. Toshma, yuqori harorat va boshqa belgilar paydo bo‘lsa, zudlik bilan shifokorga murojaat qilish lozimligi eslatilgan.
Bir necha kun avval Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti maymun chechagi epidemiyasi bilan bog‘liq favqulodda holat e’lon qilgan. Bunga Afrika qit’asi ayrim hududlaridagi vaziyat nazoratdan chiqib ketgani sabab bo‘ldi.
O‘zbekistonda fuqarolarni ro‘yxatga olish bo‘yicha
yagona tartib joriy etiladi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi navbatdagi majlisida “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tishi, turar joyi bo‘yicha xabardor qilishi tartibi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Majlisda qayd etilishicha, amaldagi “Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinishi lozim bo‘lgan shaxslar – O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari toifalarining ro‘yxati to‘g‘risida”gi qonun sababli fuqarolarni Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy yoki vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tkazishda byurokratik to‘siqlar yuzaga kelmoqda.
Ushbu qonun loyihasi bilan yuqorida ta’kidlangan qonun bekor qilinib, respublika bo‘yicha fuqarolar yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tishiga oid yagona tartib joriy etish, shuningdek vaqtincha turgan joy bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish tartibini takomillashtirgan holda, turar joy bo‘yicha xabardor qilish tizimini joriy etish taklif etilmoqda.
Endi Toshkent shahri va viloyati hamda boshqa hududlar uchun alohida ro‘yxatga olish tartibi bo‘lmaydi. Bunday amaliyotdan voz kechiladi, respublika bo‘yicha bir xil tartib joriy qilinadi.
Deputatlar fikricha, qonun loyihasi qabul qilinishi O‘zbekiston fuqarolari va mehmonlarini ro‘yxatga olish tartibini yagona yondashuv asosida isloh qilish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami huquqi himoyasini ta’minlash, shuningdek huquqbuzarlik profilaktikasi choralarini maqbullashtirishga xizmat qiladi.
Tojikistonda 2040 yilgacha AI orqali YAIMning 5 foizi qoplanadi
Tojikiston 2040 yilga borib sun’iy intellekt hisobiga YAIMning 5 foizini ta’minlashga yaqin turibdi. Bu haqda “News Central Asia” nashri ma’lum qildi.
Yaqinda mamlakat “Zehn AI” sun’iy intellekt algoritmini ishlab chiqdi. Shu oy boshida kashfiyotni patentlash jarayoni boshlangani matbuot anjumanida e’lon qilingan.
2021 yil Prezident Emomali Rahmon mamlakatda sun’iy intellektni rivojlantirish bo‘yicha Milliy strategiyani imzolagan. Hujjatda 2040 yilgacha ko‘zlangan maqsadga erishish ko‘zda tutilgan. Buning uchun Sanoat va yangi texnologiyalar vazirligi huzurida AI Kengashi tashkil etildi. Tuzilma Milliy AI strategiyasi (NAIS)ni amalga oshirish uchun mas’ul hisoblanadi.
Dastlabki “Zehn AI” konsepsiyasi 2021 yil Stenford universitetida ishlab chiqilgan. Afsuski, sun’iy intellektning ushbu yangi modeli ilovalarda muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Zero, bunday model yaratish nafaqat tarixiy, balki o‘zgartirilgan taqsimot asosidagi ma’lumotni ham yaratishga nisbatan innovatsion yondashuvni talab qiladi.
Sun’iy intellekt bilan bog‘liq ilk patent qo‘lga kiritilishi Tojikiston uchun burilish nuqtasi bo‘lishi mumkin. Bu mamlakatga sohada yetakchilar qatoriga kirish imkonini beradi.
Matbuot anjumani payti Tojikiston AI Kengashi raisi Azizjon Azimiy shunday dedi:
– Birinchidan, Sun’iy intellekt akademiyasi kengaytirilib, nafaqat Dushanbeda, balki boshqa hududlarda ham faoliyat boshladi. AI bo‘yicha 300 dan ziyod mutaxassis tayyorlandi. Ikkinchidan, iqtisodiyotga sun’iy intellekt chuqur kirib boryapti. Masalan, 10 davlatning 30 ga yaqin banki tojik startapi tomonidan ishlab chiqilgan sun’iy intellekt algoritmidan foydalanmoqda.
Ashxobod bolalar dunyosi markaziga aylandi
Ayni kunlarda Ashxobodda uzoq kutilgan “KidsExpo: hamma narsa bolalar uchun” xalqaro ko‘rgazma-yarmarkasi bo‘lib o‘tmoqda.
Mamlakat Savdo-sanoat palatasi hamda “Turkmen Expo” yakka tartibdagi korxonasi hamkorligida tashkil etilgan ushbu yorqin tadbir bolalar uchun barcha ezguliklarni bir nuqtada jamladi.
Poytaxtdagi “Garagum” mehmonxonasi ko‘rgazmalar zalida bo‘lib o‘tayotgan, 22 avgustga qadar davom etadigan tadbirda mahalliy va xorijiy ishlab chiqaruvchilarning bolalar va maktab o‘quvchilari uchun keng turdagi tovar va xizmatlari namoyish etilmoqda. Tashrif buyuruvchilar o‘yinchoq va kiyim-kechakdan tortib, o‘quv qurollarigacha eng so‘nggi rusumdagi mahsulotlarni ko‘rishlari mumkin.
– “KidsExpo” ko‘rgazmasi bizga oilalar bilan muloqot qilish, ma’lumot almashish va yangi aloqalar o‘rnatish uchun ajoyib imkoniyat, – dedi UNICEFning Turkmanistondagi vakili o‘rinbosari Aleksandru Nartea.
Ko‘rgazma bo‘limlari soha va yo‘nalishlarga qarab ajratilgani taqdim etilayotgan tovar va xizmatlar bo‘yicha harakatlanishni osonlashtiradi.
Tashkilotchilar yarmarka an’anaga aylanib, Turkmaniston bolalari uchun mo‘ljallangan tovarlar sanoatini rivojlantirishga hissa qo‘shishiga ishonch bildirmoqda.
O‘tkir MIRZO tayyorladi, O‘zA