Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish borasida mamlakatimizda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Sohaga oid qonunchilik yanada takomillashtirilmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida “Ekologik ekspertiza va atrof-muhitga ta’sirni baholash to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda muhokama qilindi. Ushbu masala bo‘yicha ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri A.Abduhakimov ma’ruza qildi.

–Mazkur qonun loyihasi bilan ekologik ekspertiza faoliyatida qo‘llaniladigan yangi yo‘nalish – ekologik normativlar loyihalarini davlat ekologik ekspertizasidan, strategik rejalashtirish loyihalarini strategik ekologik baholashdan o‘tkazish masalalari aniq belgilanmoqda. Shu bilan birga, davlat ekologik ekspertizasini o‘tkazish tartibi, davlat ekologik ekspertiza ob’ektlari bo‘yicha tegishli hujjatlar loyihalarini davlat ekologik ekspertizasi uchun taqdim etish, davlat va jamoat ekologik ekspertizasini o‘tkazishda tomonlarning huquq va majburiyatlari, shuningdek, jamoatchilik ekologik ekspertizasini hamda jamoatchilik eshituvini o‘tkazish tartibini belgilash bo‘yicha alohida normalarni kiritish taklif etilmoqda. Davlat ob’ektlarini ekologik ekspertizadan o‘tkazishda Ekspertlar kengashi tuziladi. Ekspertiza muddatlari belgilanmoqda,  – dedi vazir.

Qonun loyihasining qabul qilinishi natijasida qonunchilik hujjatlari o‘rtasidagi tafovutlar bartaraf etilib, ekologik ekspertiza xulosasini berish tartib-taomillarini samarali va to‘g‘ridan-to‘g‘ri tartibga soluvchi normalar amaliyotga kiritiladi. Eng muhimi, xalqaro talablarni joriy etish hisobiga xorijiy investor va tadbirkorlar uchun ishonchli va tushunarli ekologik baholash tizimi ta’minlanadi.

Majlisda qonun loyihasi bo‘yicha deputatlarning savollariga javoblar qaytarildi va birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Muhtarama Komilova,

O‘zA