Mamlakatimizda yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta’minlash, yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va uni bozor aktiviga aylantirishga qaratilgan islohotlar izchil ravishda amalga oshirilmoqda.

Shunga qaramay, bugungi kunda turli mezonlarga tayangan holda yer uchastkalarini jismoniy va yuridik shaxslarga ochiq elektron tanlov orqali ijaraga berish tartibi yerning haqiqiy bozor bahosini aniqlash hamda yerga bo‘lgan huquqni garovga olgan shaxslarning garov ob’ektini realizatsiya qilish imkonini bermayapti.

Shu sababli, “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish tartibining takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ishlab chiqildi.

Senatning Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi majlisida mazkur qonun dastlabki tarzda muhokama qilindi.

Qonun bilan Yer kodeksi hamda “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”, “Dehqon xo‘jaligi to‘g‘risida”, “Yaylovlar to‘g‘risida”, “Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari to‘g‘risida”, “Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida”gi qonunlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Xususan, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini elektron onlayn-auksion savdolari orqali ijaraga berish hamda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalari ijarachilariga ijaraga berilgan yer uchastkalari bo‘yicha o‘z huquq va majburiyatlarini boshqa shaxsga o‘tkazish, ya’ni qayta ijaraga berishga ruxsat etilmoqda.

Yuridik shaxslarga elektron onlayn-auksion, ochiq elektron tanlov yoki tanlov o‘tkazmasdan davlat organlarining qarorlariga ko‘ra to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijaraga berilgan yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlar va majburiyatlarni boshqa shaxsga o‘tkazish (qayta ijaraga berish)ga yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan e’tiboran besh yildan keyin yo‘l qo‘yilishi belgilanmoqda.

Shu bilan birga, yer uchastkasini ijaraga olish huquqi kredit olish uchun garovga qo‘yilgan va kredit majburiyati bajarilmagan taqdirda, kreditorlar tomonidan mazkur yer uchastkalariga bo‘lgan ijara huquqini yerdan foydalanish maqsadini o‘zgartirmagan holda onlayn-auksion orqali realizatsiya qilish normasi amaliyotga kiritilmoqda.

Mazkur qonunning qabul qilinishi qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini jismoniy va yuridik shaxslarga berishda turli bahsli mezonlarga tayangan ochiq elektron tanlov o‘rniga shaffof va bozor tamoyillariga asoslangan elektron onlayn-auksion savdolari joriy etilishiga va bu orqali qishloq xo‘jaligi sohasiga yangidan yangi investitsiyalar jalb etilishiga xizmat qiladi.

N.Abduraimova,  

O‘zA