O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Oziq-ovqat sanoati mahsulotlarini ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlashning samarali mexanizmlarini joriy etish to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Oziq-ovqat sanoati mahsulotlarini ishlab chiqarish faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, mahsulotlar sifat va xavfsizlik ko‘rsatkichlarini xalqaro me’yorlar bilan uyg‘unlashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublikada oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2024 yil 16 fevraldagi PF-3 6-son Farmoniga muvofiq:

Xalkaro akkreditatsiya forumi (IAF) tomonidan ko‘p tomonlama tan olish bitimiga kiritilgan oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish va yetkazib berish zanjirida xalqaro sifatni boshqarish tizimini joriy qilish hamda zarur bo‘lgan uskuna va laboratoriya jihozlarini xarid qilish bilan bog‘liq xarajatlarning 50 foizi, lekin 500 mln so‘mdan oshmagan miqdori;

yillik tushumida tayyor ozq-ovqat mahsulotlari eksportidan tushum ulushi kamida 30 foizni tashkil qiladigan hamda har yili 1 mln AQSH dollaridan ortiq hajmdagi mahsulotlarni eksport qiluvchi mahalliy korxonalar tomonidan muhandis-texnolog, marketolog, dizayner va xalqaro standartlar bo‘yicha xorijiy mutaxassislar jalb qilinganda, ularga hisoblangan ish haqining 30 foizi, biroq mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 10 baravaridan ko‘p bo‘lmagan qismi Vinochilikni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilishi belgilangan edi.

Mazkur qaror bilan:

Respublika oziq-ovqat sanoati korxonalarida xalqaro sifatni boshqarish tizimini joriy qilish hamda laboratoriyaga zarur bo‘lgan uskuna va jihozlarni xarid qilish bilan bog‘liq xarajatlar uchun subsidiyalar ajratish tartibi to‘g‘risidagi nizom:

Mahalliy oziq-ovqat sanoati korxonalari tomonidan xorijiy mutaxassislarni jalb qilish xarajatlarining bir qismini qoplab berish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Ushbu nizomlar O‘zbekiston Respublikasi ozif-ovqat sanoati korxonalarida Xalqaro akkreditatsiya forumiga (IAF) a’zo davlatlarda akkreditatsiya qilingan sertifikatlashtirish organlari tomonidan xalqaro sifatni boshqarish tizimini joriy qilish va sertifikatlashtirish hamda oziq-ovqat mahsulotlari sinovlari uchun zarur bo‘lgan laboratoriya uskunalari, o‘lchash vositalari va jihozlarini xarid qilish xarajatlarining bir qismini qoplab berish tartibini belgilaydi.

O‘zA