Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligida Rossiya Federatsiyasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Sergey Muzichenko boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Unda qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Toir Alimatov va boshqa mas’ullar ishtirok etdi.

S.Muzichenko O‘zbekistonda uy-joy va kommunal sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, raqamlashtirishga oid olib borilayotgan chora-tadbirlar hamda «Shaffof qurilish» milliy axborot tizimining imkoniyatlari bilan tanishdi. «Shaffof qurilish» milliy axborot tizimi haqida taqdimot qilindi.

Shuningdek, uchrashuvda Texnik me’yorlash va standartlashtirish ilmiy-tadqiqot instituti direktori Sherzod Sodiqov hamda vazirlik mas’uli Azizxo‘ja Azizov mehmonlarga «Qurilish resurslari milliy klassifikatori», BIM texnologiyalari va «hajm uslubi» haqida ham taqdimot qildi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, klassifikatorda tadbirkorlik sub’ektlari «Elektron raqamli imzo» orqali ro‘yxatdan o‘tib, qurilish resurslari bo‘yicha texnik ma’lumotlar va narx parametrlariga oid e’lonlarni joylashtirishlari mumkin.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha davlat dasturlarini shakllantirish va amalga oshirish jarayonlarini samarali tashkil etishning qo‘shimcha choralari to‘g‘risida»gi qarori ijrosi doirasida 2025 yil 1 yanvardan boshlab loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish, qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish va ob’ektlarni foydalanishga qabul qilishda qurilish xarajatlarini baholashning «hajm» uslubiga o‘tilishi belgilangan.

Muloqotda ana shular haqida so‘z bordi.

Sh.Mamaturopova, O‘zA