Konstitutsiyada mahalliy vakillik va ijroiya organlarining vakolatlari bir-biridan ajratilgani mahalliy kengashlar faoliyatini kuchaytirdi.

Kengashlarning vazifa va vakolatlari aniq belgilab qo‘yilgani deputatlarning hududlardagi muammolarga o‘z vaqtida munosabat bildirish, zarur hollarda kerakli choralarni ko‘rishini taqozo qiladi.

Shu maqsadda Oliy Majlis Senati tomonidan xalq deputatlari mahalliy kengashlari deputatlari tomonidan o‘z saylovchilari oldida axborot berishining namunaviy tartibi ishlab chiqildi.

Ushbu namunaviy tartibni respublikadagi barcha mahalliy kengashlar deputatlari faoliyatida joriy etish maqsadida Namangan, Andijon, Farg‘ona viloyatlari bilan zoom platformasi orqali seminar tashkil etilib, uning mazmun-mohiyati mutaxassislar tomonidan deputatlarga yetkazildi.

Jumladan, mazkur namunaviy tartib bilan deputatning axborot berishini tashkil etish, saylovchilarni axborot beriladigan joy va vaqt to‘g‘risida oldindan xabardor qilish, axborot berish jarayonida davlat organlari va tashkilotlarining ishtirokini ta’minlash hamda ularning ushbu jarayondagi vazifalari belgilab berilgan.

Shu bilan birga, deputat axborotida qayd etilishi lozim bo‘lgan ma’lumotlar va ularga qo‘yilgan talablar, saylovchilar bilan uchrashuvda aniqlangan muammoli holatlarni o‘rganish va ularni deputat tomonidan hal etish kabi muhim normalar belgilangan.

Yig‘ilish yakunida ushbu namunaviy tartibni amaliyotga joriy etish orqali mahalliy kengash deputatlarining o‘z saylovchilari oldida axborot berish jarayonlarini tizimlashtirish, unda bir xil yondashuvni ta’minlash hamda uchrashuvlarda saylovchilar tomonidan ko‘tarilgan masalalarning hal etilishi ustidan samarali deputatlik nazoratini o‘rnatishga erishilishi zarurligi ta’kidlandi.

N.Abduraimova, O‘zA