Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan hamkorlikda hududlarda agrar sohani rivojlantirish orqali aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha qator loyihalarni amalga oshirib kelmoqda.

Jumladan, Qoraqalpog‘istonning Kegeyli, Qorao‘zak va Chimboy tumanlarida qishloq aholisiga muqobil daromad manbai sifatida suv tejovchi texnologiyalar o‘rnatib berildi. Har bir tumandan 15 tadan oilaga jami 45 ta tomchilatib sug‘orish tizimining o‘rnatilishi Orolbo‘yi hududlarida yashovchi aholiga bir qancha yengilliklar yaratdi.

Bu texnologiyalar o‘simliklarni sug‘orishni avtomatlashtirish, suv va mineral o‘g‘itlar uchun sarf-xarajatlarni 40-50 foizga kamaytirish, shuningdek, turli o‘simliklar kasalliklarining oldini olish va tuproq namligini saqlash imkonini berib, hosildorlikni oshirishga xizmat qiladi.

Ushbu uskunalar FAO tomonidan BMTning Taraqqiyot Dasturi va BMTning Bolalar Jamg‘armasi (UNICEF) bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “Orolbo‘yi hududini yashil va innovatsion rivojlantirish orqali yoshlarning yorqin kelajak sari huquq va imkoniyatlarini oshirish” qo‘shma loyihasi doirasida o‘rnatib berildi. Loyiha BMTning Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik asosidagi trast fondi tomonidan moliyalashtirilmoqda.

Qayd etish lozimki, tomchilatib sug‘orish usuli o‘zining yuqori samaradorligi, ya’ni suv resurslari cheklangan sharoitda kam suv sarflab, barqaror yuqori hosil olish imkonini berishi bilan ajralib turadi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA