O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 8-apreldagi “Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi farmoniga asosan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha jami 12 nafar shaxs avf etildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Axborot xizmatining ma’lum qilishicha, shundan 9 nafari Jamoat xavfsizligi probatsiya bo‘limining joylardagi probatsiya guruhi nazorati ostida turgan shaxs bo‘lsa, qolgan 3 nafari Jazoni ijro etish muassasalari tomonidan muddatidan ilgari shartli ozod qilinganlar hisoblanadi.
Jazoni ijro etish muassasalaridan ozodlikka chiqqan mahkumlarning yashash manziliga yetib kelganligini o‘rganish, ularni jamiyatga qo‘shish maqsadida ijtimoiy moslashtirish ishlari olib borilmoqda. Xususan, bir martalik moddiy yordam ko‘rsatish, bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, bandligini ta’minlash va yo‘qlariga yangi fuqarolik pasportlarini rasmiylashtirishda bir qator ishlar tashkillashtirilmoqda.
Avf etilganlar orasida Ellikqal’a tumani “Qilchinoq” ovul fuqarolar yig‘ini Cho‘pon mahallasida yashovchi 1995-yili tug‘ilgan X.Saliyev ham bor. U o‘z oilasi bag‘riga qaytishi, jamiyatda munosib o‘rin topishiga imkoniyat berilgani uchun davlatimiz rahbariga cheksiz minnatdorchilik bildirdi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri