BOKS. Qozog‘iston turnirida bokschilarimiz bosh sovringa asosiy da’vogar!

Avval xabar berganimizdek, Qozog‘istonning Ostona shahrida boks bo‘yicha an’anaviy “Prezident Kubogi” nufuzli musobaqasi davom etmoqda. 
Oltinchi marotaba o‘tkazilayotgan, boksi rivojlangan 15 davlatdan 170 nafar sportchi ishtirok etayotgan musobaqada 16 nafarli tarkibi bilan qatnashayotgan O‘zbekiston terma jamoasi bosh sovringa asosiy da’vogar hisoblanadi. Shuningdek, Rossiya, AQSH, va albatta, mezbonlarning ham imkon qadar ko‘proq oltin medal ilinjida ishtirok etishmoqda.
Hamyurtlarimiz dastlabki jangni muvaffaqiyatli boshlashganidan xabaringiz bor. Mahmud G‘aipov (69 kg.) va Aliyor Noraliyev (64 kg.) dastlabki bosqichni o‘z foydalariga hal etishgandi. Kecha yana ikki vakilimiz ishtirokini g‘alaba bilan boshladi.
Shunqor Abdurasulov (-60 kg.) mezbon bokschi, yoshlar o‘rtasida Osiyo chempioni Samatali Toltayevni 4:1 hisobida mag‘lub etdi. Shunqor bugun chorak final jangida filippinlik 29 yoshli tajribali bokschi Charli Suarezga qarshi jang o‘tkazadi. Charli ushbu turnirning 2014 yilgi kumush medali sohibi hisoblanadi.
Shuningdek, -75 kg. vazn toifasidagi bokschimiz Isroil Madrimov ham ilk jangida mezbonlar vakilidan ustun keldi va Toleshga hech qanday imkoniyat qoldirmadi – 5:0.
Ayollar vakillarimizdan Tursunoy Rahimova esa tailandlik raqibasi Tatxip Vannapromga yutqazib qo‘ydi.
Bugun, shuningdek, -52 kg. vaznda yurtimiz sharafini himoya qilayotgan Jasur Latipov qozog‘istonlik Anuar Muzaparovga qarshi ringga ko‘tariladi. Qur’a natijasiga ko‘ra, Jasur birato‘la chorak finalga yo‘llanma olgandi. Anuar esa saralash bahslarida mo‘g‘ulistonlik Nurlan Askarni mag‘lubiyatga uchratgan. Mahmud G‘oipov (69 kg.) xitoylik Maimaititu Ersun-Kiongga, Bektemir Meliqo‘ziyev (81 kg.) hindistonlik Devanshu Jaisvalga, Ulug‘bek Mubinov (+91 kg.) esa rossiyalik Maksim Babaninga qarshi jang o‘tkazadi.
Oybek Yunusov

 

O’zA