Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi Osiyo kubogida muhim natija qayd etib, o‘z muxlislarini quvontirdi. O‘yin borasida jamoamiz ancha o‘sishga erishganini isbotladi. To‘g‘ri, raqib nomdor bo‘lmasada, metin himoyaga ega va qarshi hujumda ancha xavfli edi. Biroq bizning futbolchilarimiz har qanday vaziyatni o‘z foydalariga ijobiy hal eta oladigan yigitlar ekanini barchaga namoyon qildi.

Bugungi futbol sharhimiz O‘zbekiston milliy jamoasining Osiyo kubogidagi ishtiroki va chorak finaldagi raqibimiz Qatar termasiga qarshi o‘yinlar statistikasiga bag‘ishlanadi. Shuningdek, nimchorak final uchrashuvi natijalari bilan ham tanishtirib o‘tamiz.

Qatarda o‘tayotgan Osiyo kubogining 1/8 final bosqichida O‘zbekiston va Tailand o‘zaro kuch sinashdi va unda vakillarimiz 2:1 hisobida zafar quchdi. O‘yinda Aziz Turg‘unboyev va Abbos Fayzullayevning urgan gollariga, Tailand terma jamoasi a’zosi Sarachat yagona gol bilan javob qaytardi.

Shu tariqa, O‘zbekiston milliy terma jamoasi chorak final yo‘llanmasini qo‘lga kiritib, ushbu bosqichda Qatar termasi bilan raqobatlashadigan bo‘ldi.

Avvalo, O‘zbekiston va Qatar terma jamoalarining o‘zaro o‘yinlar statistikasiga e’tiboringizni qaratib o‘tmoqchimiz. Ushbu ikki jamoa ilk bor 2000 yil Livanda o‘tgan Osiyo kubogining guruh bosqichida to‘qnash kelgan. O‘shanda “C” guruhidan o‘rin olgan mazkur bahsda 1:1 hisobi qayd etilgan. So‘nggi bor esa jamoalar 2018 yilning 16 oktyabr kuni poytaxtimizda o‘tkazilgan o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushgan va unda O‘zbekiston 2:0 hisobida g‘olib bo‘lgan edi. Terma jamoamiz oxirgi marta 2014 yil Dohada tashkil etilgan o‘rtoqlik o‘yinida 3:0 hisobida mag‘lub bo‘lgan.

Qatar 2010 yilgi Jahon chempionati saralash o‘yinida vakillarimizni 3:0 hisobida yenggan. Mazkur uchrashuvning Toshkentda o‘tkazilgan javob o‘yinida O‘zbekiston milliy terma jamoasi raqib darvozasiga javobsiz 4 ta gol urib, safardagi mag‘lubiyat alamini olgan. Osiyo kubogida esa bu jamoalar 2011 yil so‘nggi o‘yinlarini o‘tkazgan. O‘shanda Qatar mezbonligida o‘tkazilgan qit’a birinchiligining ilk uchrashuvida futbolchilarimiz 0:2 hisobida g‘alaba qozongan.

Bugunga qadar O‘zbekiston va Qatar terma jamoalari o‘rtasida o‘tkazilgan jami 14 o‘yinning 9 tasida vakillarimiz g‘alaba qozongan bo‘lsa, ikki o‘yinda durang qayd etilgan hamda 3 o‘yinda Qatar zafar quchgan. 14 o‘yinda O‘zbekiston raqib darvozasini 24 marotaba ishg‘ol etib, o‘z darvozasidan 13 marta to‘p olib chiqqan.

Shuningdek, har ikki jamoa o‘yinlar tarixida yirik g‘alabaga erishgan. Jumladan, milliy jamoamizning eng yirik g‘alabalari 2009 va 2013 yilda qayd etilgan. O‘sha yillarda futbolchilarimiz qatarlik raqiblarini 4:0 hamda 5:1 hisobida taslim qilgan edi. Qatar esa darvozamizga eng ko‘p urgan gol 3 ta bo‘lgan. Ular bu natijalarga 2010, 2014 yillarda erishgan. Eng katta hisobdagi durang esa 2001 yilda qayd etilgan – 2:2.

Ha, o‘yinlar statistikasida O‘zbekiston terma jamoasi katta ustunlikka ega. Biroq, bu yilgi Osiyo kubogida Qatar jamoasining o‘yin uslubi va futbolchilarida katta o‘sish bor. Ular guruh bosqichida 3 g‘alabaga erishdi va 100 foizlik natija bilan 1/8 final bosqichiga chiqdi. Nimchorak finalda esa Falastinni 2:1 hisobida yengdi. Lekin shuni ta’kidlab o‘tish kerakki, Qatar chorak finalga qadar jiddiy raqiblarga duch kelmadi. O‘zbekiston esa, Suriya, Avstraliya va Tailand kabi kuchli jamoalar bilan raqobatlashdi va ushbu o‘yinlarda ustunlikka ega bo‘ldi.

O‘z-o‘zidan ko‘rinib turibdiki Qatar yengib bo‘lmas jamoa emas. To‘g‘ri “o‘z uyingda devorlar ham yordam beradi” degan futbol naqli bor. Ammo O‘zbekiston ushbu uchrashuvda favorit hisoblanadi. Afsuski, mazkur bahsda tarkibimizda Abduqodir Husanov, Igor Sergeyev va yana bir qator mahoratli futbolchilarimiz turli sabablarga ko‘ra maydonga tusha olmaydi.

Qatarda esa tarkib borasida muammo deyarli yo‘q. Lekin bu degani jamoamiz Qatar oldida ojiz degani emas. Ular o‘rnini to‘ldiruvchi va ushbu o‘yinchilardan kam bo‘lmagan yosh futbolchilarimiz jamoada mavjud. Umid qilamizki, 3 fevral kuni “Al-Bayt” stadionida o‘tkaziladigan Qatar – O‘zbekiston bahsida 13 yil avvalgi natija takrorlanadi.

Darvoqe, kuni kecha terma jamoamizga g‘alaba keltirgan gol muallifi Abbosbek Fayzullayevning o‘yini futbol mutaxassislari tomonidan yuqori baholandi va ularning fikriga ko‘ra, Abbosning transfer narxi kamida 20 barobarga oshishi aytib o‘tildi.

Osiyo kubogi nimchorak finalidan o‘rin olgan Saudiya Arabistoni — Janubiy Koreya bahsi keskin va murosasiz o‘tdi. O‘yinning asosiy vaqtida jamoalar 1:1 hisobida durang o‘ynadi. Penaltilar seriyasida Klinsmann shogirdlari 4:2 hisobida zafar quchdi. Shu tariqa, Janubiy Koreya chorak finalga yo‘l oldi. Keyingi bosqichda koreyaliklar Avstraliya bilan o‘ynaydigan bo‘ldi. Ushbu uchrashuv 2 fevral kuni “Al Janub” stadionida bo‘lib o‘tadi.

 

Javohir Toshxo‘jayev,  

O‘zA