Prezident Shavkat Mirziyoyev hududlar iqtisodiyoti, muhim ijtimoiy dasturlar ijrosi bilan tanishish maqsadida 16 noyabr kuni Surxondaryo viloyatiga keldi.

Dastlab buyuk olim Hakim at-Termiziy maqbarasi ziyorat qilindi. Qur’on tilovat etilib, yurtimizga tinchlik, xalqimizga farovonlik tilandi. Ulamolar bilan suhbatda bugungi tahlikali zamonda sodir bo‘layotgan turli nizo va urushlar tufayli begunoh insonlar qoni to‘kilayotgani qayd etildi. Bu yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalik qadrini yanada teran anglatib, insonda shukronalik ruhini uyg‘otadi. Bunday ulug‘ ne’matlar ahamiyatini, Termiziy kabi bobolarimiz ilm-ma’rifatini yoshlarga yetkazish muhimligi ta’kidlandi. Shu masalalar bo‘yicha Termizda ilmiy konferensiya o‘tkazish taklifi ilgari surildi.

Viloyat iqtisodiyoti so‘nggi yillarda zamonaviy sanoatni yo‘lga qo‘yish, oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash, qurilish materiallari ishlab chiqarish va tekstil sohasini rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish hajmini oshirish orqali yanada yuksalmoqda.

Davlatimiz rahbarining bevosita g‘oyasi asosida janubdagi voha salohiyatidan kelib chiqib, hududlarning “o‘sish nuqtalari” belgilab olingani odamlarning turmush darajasini oshirib, tinch, to‘kin hayotidan rozi bo‘lib yashashiga xizmat qilayotir. Prezidentimizning joriy yil 13 mart kuni viloyatga tashrifi chog‘ida hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yuzasidan belgilab bergan vazifalari ijrosi ham yurt obodligi va Surxon ahlining farovon hayotini ta’minlashda muhim omil bo‘lmoqda. Jumladan, yilning o‘tgan 9 oyida viloyatda yalpi hududiy mahsulot 29,4 trillion so‘mni tashkil etib, o‘sish sur’ati 105,2 foizga yetdi. Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 5,9 trillion so‘mni, xalq iste’mol mollari ishlab chiqarish hajmi 1,7 trillion so‘mni, pudrat ishlari 5,2 trillion, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari 24,2 trillion, xizmatlar hajmi 11 trillion so‘mni tashkil etdi. Aholi jon boshiga hisoblaganda yalpi hududiy mahsulot hajmi 10,4 million so‘mga yetkazilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 102,7 foizga o‘sish ta’minlandi. 161,8 million dollarlik mahsulot eksport qilindi. Ishlab chiqarilayotgan raqobatbardosh mahsulotlar Xitoy, Rossiya, Pokiston, Turkiya, Afg‘oniston, Qozog‘iston kabi dunyoning 27 davlatiga eksport qilinmoqda. Dasturlar asosida 1,3 milliard dollarlik 1 ming 36 loyiha amalga oshirilmoqda.

Viloyat iqtisodiyotida yuz berayotgan bunday olamshumul o‘zgarishlar odamlarning bandlik masalasini hal etish, barcha zamonaviy qulayliklarga ega uy-joylar qurish, yo‘llar, ta’lim, tibbiyot va boshqa ijtimoiy soha ob’ektlarini tubdan rekonstruksiya qilish, yangilarini barpo etish singari ishlar ko‘lamini kengaytirdi. Masalan, o‘tgan yilning 9 oyida 203 ming 300 ish o‘rni tashkil etilgan bo‘lsa, joriy yilning shu davrida 353 ming 300 ta ish o‘rni yaratildi.

Yaqin yillarda ham agrar hudud bo‘lgan viloyat iqtisodiyoti yuksalib, daromad manbai oshayotgani kambag‘allik darajasini 13,8 foizdan 11,2 foizga kamaytirdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashrif doirasida Boysun tumanida bo‘lib, xalqimiz farovonligiga xizmat qiladigan yirik loyihalardan biri  – “Mustaqillikning 25 yilligi” gaz-kimyo majmuasi qurilishi bilan tanishdi.

Bu yerda gaz koni bir necha o‘n yillar oldin topilgan. Biroq geografiyasi murakkabligi, o‘sha paytda zamonaviy texnologiya va mablag‘ bo‘lmagani uchun kon o‘zlashtirilmagan. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev qat’iyati bilan bu borada amaliy qadamlar tashlandi. Davlatimiz rahbari 2019 yil aprel oyida bu yerda bo‘lib, dastlabki qidiruv va texnik-iqtisodiy asoslar bilan tanishgan edi. O‘sha yilning dekabr oyida zavodni qurish ishlari boshlandi. “Surhan Gas Chemical Operating Company” xorijiy korxonasi tomonidan amalga oshirilayotgan ushbu loyihaning qiymati 2,9 milliard dollar. Majmua yiliga 5 milliard metr kub gazni qazib chiqarish va qayta ishlash quvvatiga ega bo‘ladi. Hozirgacha konni o‘zlashtirishga 1 milliard 450 million dollarlik investitsiya kiritilib, 20 ta quduqda burg‘ilash ishlari yakunlangan. 11 ta gaz qudug‘i sinovdan muvaffaqiyatli o‘tgan. Poydevor ishlari va metall konstruksiyalar qurish deyarli yakuniga yetgan.

Zavod loyihalari va qurilishi “Shell” kompaniyasining litsenziyalangan texnologiyalari asosida olib borilmoqda. U eng ilg‘or ekologik talablarga mos bo‘lib, ishlab chiqarishdagi zararli chiqindilarni 99 foiz zararsizlantirish imkoniyatiga ega. Bunday uskunalar MDH davlatlari ichida birinchi bor ushbu zavodga o‘rnatilmoqda. Yana bir muhim jihati, zavod elektr energiyani ham o‘zi generatsiya qiladi va tuman aholisiga yetkazib beradi.

Davlatimiz rahbari shu yerda geologik qidiruv va seysmik tadqiqot ishlari yakunlari bilan tanishdi. Investorlar, konni o‘zlashtirishda qatnashayotgan mutaxassis va quruvchilar bilan suhbatlashdi.

– Asosiy maqsad gazni xomashyo holatida sotish emas, uni qayta ishlab, qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar olish bo‘lishi lozim. Investitsiya tez vaqtlarda o‘zini oqlab, zavod raqobatbardosh bo‘lishi uchun oxirgi mahsulot sifatli va yuqori daromadli bo‘lishiga erishish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bu bo‘yicha qaror ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi. Majmua Boysun shahridan 20 kilometr uzoqda joylashgan. Ayni paytda uning qurilishida 7 mingdan ortiq kishi, maxsus texnikalar ishlamoqda. Loyihaning birinchi bosqichi kelgusi yil may oyida ishga tushiriladi, 2025 yilda to‘la quvvatga chiqadi.

Prezidentimiz Sariosiyo tumanidagi To‘palang gidroelektr stansiyasida amalga oshirilgan modernizatsiya ishlarini ham ko‘zdan kechirdi.

Mamlakatimiz ham iqtisodiy, ham aholi soni jihatidan o‘sib, energetika quvvatlariga talab yildan-yilga ortmoqda. Buni ta’minlash maqsadida davlatimiz tomonidan barcha manbalar ishga solinmoqda. Jumladan, gidroenergetikani rivojlantirishga katta urg‘u berilyapti. So‘nggi yillarda 19 ta yangi gidroelektr stansiya barpo etildi, 13 tasi modernizatsiya qilindi. Ulardan eng muhimi To‘palang gidroelektr stansiyasidir. U 2006 yilda ishga tushirilgan paytda jami 30 megavatt quvvatli ikkita agregat bo‘lgan.

Davlatimiz rahbari 2019 yilning aprel oyida bu yerga tashrif buyurib, yana ikkita gidroagregat qurish yuzasidan topshiriq bergan edi. Avvaliga suv ombori to‘g‘oni qo‘shimcha 20 metrga ko‘tarildi. Natijada uning sig‘imi 380 million kub metrdan 500 millionga yetkazildi. Zamonaviy texnologiyalar asosida qurilish-montaj ishlari olib borilib, jami quvvati 145 megavattli ikkita agregat o‘rnatildi. Shu tariqa, To‘palang GESining umumiy quvvati 175 megavattga yetib, Chorvoq GESidan keyin mamlakatimizdagi ikkinchi yirik stansiyaga aylandi.

Samaradorligini aytganda, bu yerda yiliga qo‘shimcha 467 million kilovatt/soat elektr quvvati yaratildi. Qariyb 167 mingta xonadonning elektr ta’minoti yaxshilandi. Bu yiliga o‘rtacha 107 million metr kub tabiiy gazni tejash imkonini beradi.

Prezidentimizning joriy yil mart oyida Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida To‘palang gidroelektr stansiyasini modernizatsiya qilish loyihasiga start berilgan edi. Galdagi tashrif chog‘ida mazkur loyiha asosida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishildi. Shu yerda To‘palang daryosi negizida gidroenergetika quvvatlarini oshirish bo‘yicha taqdimot ham o‘tkazildi. Unga ko‘ra, kelgusi yillarda daryoning yuqori qismida qurish uchun 20 ta istiqbolli loyiha shakllantirilgan. Ularning umumiy quvvati 264 megavatt bo‘lishi mo‘ljallangan.

Davlatimiz rahbari bu ishlarni kengaytirib, har bir soy, imkoniyati bor har bir mahallada mikro GESlar barpo etish mumkinligini ta’kidladi. Shuningdek, Surxondaryoda ko‘mir qazib olish imkoniyatlari bo‘yicha axborot berildi. Qayd etilganidek, hududda 82 million tonna ko‘mir zaxirasi aniqlangan. Bugungi kunda 541 ming tonna qazib olinmoqda. Buni 2 million tonnaga yetkazish, mutaxassislar tayyorlash zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalari ko‘paytirilmoqda. Jumladan, gidroenergetikada bir oqim orqali ko‘p marta “yashil energiya” hosil qilish mumkin. Shu bois Prezidentimizning 2017 yil 17 oktyabrdagi qaroriga muvofiq, To‘palang daryosida kichik elektr stansiyalari ham qurildi. Xususan, 2020 yil dekabr oyida 37 megavattli “Zarchob-1” hamda 2021 yil sentyabr oyida 38 megavattli “Zarchob-2” GESlari ishga tushirildi. Bugungi kunda ularda 48 mingta xonadonga yetadigan elektr energiyasi hosil qilinmoqda.

Daryoning quyi qismida yana bir kichik GES – “Zarchob-3” qurilishi loyihalashtirilgan. Davlatimiz rahbarining tashrifi chog‘ida uning qurilishiga tamal toshi qo‘yildi.  Bu stansiyaning quvvati 16 megavatt bo‘ladi va yiliga 70 million kilovatt/soat ekologik toza elektr energiyasi ishlab chiqariladi. U tabiiy va qayta tiklanuvchanligi bilan ahamiyatli. Shuningdek, boshqa quvvatlar asosan kunduzi ishlab chiqarilgani bois, bu yo‘nalish energetika tizimida rostlovchi vazifasini ham o‘taydi. Olinadigan elektr tannarxi ham boshqa manbalarga nisbatan ancha arzon.  Hozirgi tizim bo‘yicha daryo suvi maxsus bosim ostida avval To‘palang GESiga yo‘llanadi. Undan keyin bir-biridan uncha uzoq bo‘lmagan Zarchob stansiyalaridagi parraklarni aylantiradi.

Shuningdek, xususiy sektor tomonidan mikro GESlar barpo etishga ham keng imkoniyat berilmoqda. Buning uchun huquqiy, iqtisodiy sharoitlar yaratilgan. Jumladan, kichik va mikro GESlarni qurish istagidagi tadbirkorlarga yerlarni 20 yil muddatga ijaraga berish, ular ishlab chiqargan elektrni davlat tomonidan kafolatli sotib olish tizimi joriy qilingan.

2021 yilda Termizda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda davlatimiz rahbari Surxondaryo viloyatida ichimlik suvi bilan bog‘liq muammoga alohida to‘xtalgan edi. O‘sha paytda hududda markazlashgan tarmoqlar orqali ichimlik suvi bilan ta’minlash darajasi 60 foiz atrofida edi. Prezidentimiz bu borada “To‘palang” suv ombori ulkan va toza manba ekanini ta’kidlab, uni aholiga yetkazish bo‘yicha loyiha tayyorlash vazifasini qo‘ygan edi.

Haqiqatan ham, bu havzaga suv tog‘lardagi qor va muz erishidan yig‘iladi. Tekshiruvlarga ko‘ra, bu suvning qattiqlik darajasi 4 foiz, foydali minerallarga boy va musaffo. Bundan foydalanib, Surxondaryo aholisi uchun muhim ijtimoiy loyiha amalga oshirilmoqda. Loyiha doirasida suv omboridan to Termiz shahrigacha 380 kilometr metall quvurlar tortiladi. Uning 159 kilometri magistral, 221 kilometri shahar va tumanlarni bog‘lovchi ichki tarmoqlardir. Shuningdek, suv tozalash, bosimni kamaytirish va suv yig‘ish inshootlari quriladi. Bugungi kunda 147 kilometr quvur tortib bo‘lindi. Suv tozalash, bosimni kamaytirish va  beshta suv yig‘ish inshooti barpo etildi.

Sariosiyo tumani Bog‘iston mahallasida ushbu loyihaning birinchi bosqichini ishga tushirish marosimi bo‘ldi. Prezident Shavkat Mirziyoyev ramziy tugmani bosib, “obi hayot” yo‘lini ochdi. Mazkur bosqichda suv Sariosiyo, Denov, Sho‘rchi va Qumqo‘rg‘on tumanlariga yetib bordi. Viloyat aholisining markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanish darajasi 70 foizga yetdi.  Yana bir muhim jihati, suv o‘z oqimi bilan tushishi tufayli 8,6 million kilovatt/soat elektr energiyasi iqtisod qilinadi.

Loyihaning ikkinchi bosqichida markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanish darajasi 90 foizga yetkaziladi. Bundan Sariosiyo, Denov, Sho‘rchi, Qumqo‘rg‘on, Jarqo‘rg‘on, Bandixon, Qiziriq, Sherobod, Angor, Muzrabot, Termiz tumanlari va Termiz shahridagi 2 millionga yaqin aholi bahramand bo‘ladi. Loyihani 2024 yilda nihoyasiga yetkazish mo‘ljallangan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyatiga tashrifi davomida Sariosiyo tumanidagi Sebzor mahallasida bo‘ldi. Bu yerda 7 ming 600 nafardan ortiq aholi istiqomat qiladi. To‘rtta korxona, yigirmadan ortiq savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlarida shu yerlik yoshlar doimiy ish bilan band. Mahalla ahli asosan bog‘dorchilik, chorvachilik va sabzavotchilik bilan shug‘ullanadi. O‘ttizdan ortiq dehqon va fermer xo‘jaliklari faoliyat yuritmoqda.

Davlatimiz rahbari “Barakatullo Davr Baraka” fermer xo‘jaligi bog‘ida bo‘lib, poliz ekinlari rivojini ko‘zdan kechirdi. Bu yerda 6 gektar olma, 1,3 gektarda xurmodan mo‘l hosil olinmoqda. Daraxtlar qator oralarida ertaki ekinlar, jumladan, oq boshli karam, piyoz, sarimsoqpiyoz yetishtirilgan.

Ma’lumki, Surxondaryoning iqlimi erta hosil olish imkonini beradi. Lekin qishloq xo‘jaligida ilmiy yondashuv yetishmayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Shuning uchun viloyatda in-vitro laboratoriyalari tashkil etib, urug‘chilikni yaxshilash, umuman, Surxondaryo qishloq xo‘jaligini eksportga ixtisoslashtirish zarurligi ta’kidlandi. Bog‘, tog‘ yonbag‘ri va dala chetlarini xatlovdan o‘tkazib, ekinlar uchun qo‘shimcha imkoniyatlarni o‘rganish, olimlarni jalb etib, mahsulotlar hosildorligi va sifatini oshirish, qayta ishlashni rivojlantirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Mahallada ijtimoiy masalalar ham manzilli hal etilmoqda. Yo‘llar ta’mirlangan. Kuz-qish mavsumi oldidan transformatorlar yangilandi, qo‘shimcha simyog‘ochlar o‘rnatildi. Maktab va maktabgacha ta’lim muassasasida zarur sharoitlar yaratilgan. Yaqinda mahalla hududida kichik tibbiyot punkti tashkil etildi. Prezidentimiz undagi sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.

Asosan profilaktik ko‘rik va patronaj xizmati bilan shug‘ullanadigan ushbu muassasada bir nafardan shifokor va doya, ikki nafar hamshira faoliyat olib boradi. Mahalla aholisi ilgari 27 kilometr masofadagi shifoxonaga borar edi. Endi ularning uzog‘i yaqin bo‘ldi. Bu yerda bolalarni emlash, surunkali bemorlarni sog‘lomlashtirish va ularning nazoratini olib borish yo‘lga qo‘yilgan.

Davlatimiz rahbari shu yerda tibbiyot xodimlari va mutasaddilari bilan suhbatlashdi.

– Meni eng ko‘p o‘ylantiradigan masalalardan biri – xalqimizning sog‘lig‘i. Shuning uchun shifoxonalar qurishga, ijtimoiy dorilar ta’minotiga, tez tibbiy yordamga katta mablag‘ ajratilyapti. Tibbiyot xodimlarining oylik maoshlari ham oshirildi. Endi muhimi – aholini kasallik bo‘yicha xavf guruhiga ajratgan holda, manzilli davolash va sog‘lig‘ini nazorat qilish, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Masalan, bir hudud aholisining 30 foizi kasal yoki kasallikka moyil bo‘ladi. Mahalladagi tibbiyot xodimlari ularga alohida e’tibor qaratib, ahvolini kuzatib borishi kerak. Shu bilan birga, to‘g‘ri ovqatlanish, ko‘proq piyoda yurishning foydasini keng tushuntirish, mahallalarda fitobarlar tashkil etish muhimligi ta’kidlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyatidagi harbiy qismga tashrif buyurdi.

Mamlakatimiz mudofaa tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar qo‘shinlarning jangovar salohiyati va harbiy-ma’muriy sektorlar faoliyatini yanada yuksaltirishda muhim omil bo‘lmoqda.

Mazkur qismda ham harbiy xizmatchilarning jangovar tayyorgarligini oshirish uchun barcha shart-sharoit yaratilgan. O‘quv binolari, ma’naviyat va ma’rifat xonalari, sport zali eng zamonaviy texnika va uskunalar bilan jihozlangan.

Davlat rahbari harbiy qismda yaratilgan sharoitlar, chegarani qo‘riqlashda qo‘llanilayotgan harbiy texnika va qurol-aslahalarni ko‘zdan kechirdi. Bunda uchuvchisiz uchish apparatlarining ahamiyati alohida ta’kidlandi, ularni ishlab chiqarish masalalari muhokama qilindi.

Qurolli Kuchlarimizning salohiyatini oshirish va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, shaxsiy tarkibning shayligi, zamonaviy qurol-aslahalar, uchuvchisiz uchish apparatlarini boshqarish hamda ularga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.

Davlatimiz rahbariga “Bayraktar TB2” razvedka-zarba uchuvchisiz uchish apparatining parvozi namoyish etildi.

Prezidentimizning Surxondaryo viloyatiga tashrifi davom etmoqda.

Ziyodulla JONIBEKOV,

Ikrom AVVALBOEV,

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,

O‘zA muxbirlari