Davlatimiz rahbari topshirig‘iga asosan olib borilayotgan “Obod ko‘cha”, “Obod mahalla”, “Obod xonadon” mezonlarini joriy qilish, hududlar infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha keng ko‘lamdagi amaliy ishlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududlarida ham jadallik bilan davom etmoqda.

Aholini o‘ylantirib kelayotgan muammolarga o‘z vaqtida va sifatli yechim topish maqsadida Prezident maslahatchisi o‘rinbosari Ulug‘bek Muhammadiyev boshchiligidagi 18 ta vazirlik va idora mas’ullaridan tashkil topgan Respublika ishchi guruhi vakillari ham bevosita joylarga chiqqan holda, uyma-uy yurib o‘rganishlar olib bormoqda.

Dasturga muvofiq Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qo‘ng‘irot tumani “Raushan” OFY, Ellikqal’a tumani “Qavat qal’a” MFY, Bo‘zatov tumani “Aspantay” OFY, Taxiatosh tumani “Jayxun” MFYlarda bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda.

Xususan, tanlangan hududlarda 10 kilometrga yaqin ichki tuproq yo‘llar qum-shag‘al qorishmasi bilan qoplanib, asfaltlashtirishga tayyorlab qo‘yildi. 5 kilometrdan ziyod tabiiy gaz quvurlari kapital ta’mirdan chiqarildi. Elektr energiyasi ta’minotini yaxshilash maqsadida 1 ta yangi transformator o‘rnatildi, 6 kilometr SIP kabellar tortildi hamda 120 dan ziyod yangi beton tayanch ustunlar o‘rnatildi.

Ellikdan ziyod kam ta’minlangan, ijtimoiy yordamga muhtoj oilalar xonadonida kapital va joriy ta’mirlash ishlari ketmoqda, tomorqalari tartibga keltirilmoqda. 20 gektarga yaqin yerlar tozalanib, 100 tonnadan ziyod chiqindi olib chiqib tashlandi.

Aholi sog‘lig‘ini muhofaza qilish maqsadida 2 000 ga yaqin fuqaro tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Natijada 53 nafar fuqaroga ambulator sharoitda davolanishga order ajratildi, 42 nafar fuqaroga tuman tibbiyot markaziga yo‘llanma berildi, 300 ziyod fuqaroga esa bepul dori-darmonlar yetkazildi.

Oilalarni tadbirkorlikka jalb qilish hamda bandligini ta’minlash maqsadida tikuvchilik va xizmat ko‘rsatish yo‘nalishida 12 nafar fuqaroga 140 million so‘mlik subsidiya, 70 nafar fuqaroga 1.3 mlrd. so‘mlik imtiyozli kredit mablag‘lari ajratib berildi. Shu bilan birga, 42 nafar fuqaro kasb-hunarga o‘qishga yo‘naltirildi hamda 60 nafari haq to‘lanadigan jamoatchilik ishlariga jalb qilindi.

Bundan tashqari, Respublika ishchi guruhi vakillari aholi xonadonlari hamda ijtimoiy soha ob’ektlarining qish mavsumiga tayyorgarligini ham o‘rgandi. FVB tomonidan yong‘in xavfsizligi talablariga rioya qilinishi va is gazidan zaharlanish holatlarining oldini olish bo‘yicha profilaktik tadbirlar o‘tkazildi. Xususan, mingga yaqin xonadon mo‘rilari tozalandi, o‘ndan ziyod ijtimoiy ob’ektlar yong‘in xavfsizligi bo‘yicha o‘rganib chiqilib, ko‘mir saqlash omborlari tartibga keltirildi.

Respublika ishchi guruhi faoliyati davom etmoqda. 

O‘zA