O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasida “Uzbekistan Airways” aksiyadorlik jamiyati vakillarining sayyor qabuli tashkil etildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi hukumati bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda sayyohlik kompaniyalari, tadbirkorlar, jismoniy va yuridik shaxslar, yoshlar, ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlar ishtirok etdi.
Sayyor qabulni tashkil etishdan asosiy maqsad yo‘lovchilarni tashish va ularga xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash bilan bog‘liq masalalarni joyida ko‘rib chiqishdir. Dastlab aviakompaniya vakillari yil boshidan buyon amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar, yo‘lovchilarga qulaylik yaratish maqsadida olib borilayotgan doimiy aksiyalar haqida batafsil ma’lumot berdi. Aviaparkni to‘ldirish, qatnovlarni tiklash va yangi yo‘nalishlar ochish “Uzbekistan Airways” aksiyadorlik jamiyatining yaqin yillardagi asosiy vazifasi hisoblanadi.
Shu jumladan, tadbirkorlarni qiynayotgan muammolar bo‘yicha savol-javob tariqasida ishtirokchilar bilan muloqot qilindi. Aviatashuvlar bo‘yicha agentlar, sayyohlik tashkilotlari vakillari jahon tajribasi asosida takomillashtirilishi talab qilinadigan masalalar bo‘yicha fikr-mulohazalar tinglandi.
Ishtirokchilar tomonidan asosan tadbirkorlar tomonidan yetishtirilgan mahsulotlarni eksport qilish yuzasidan shartnomalarni rasmiylashtirish, ularni tegishli joylarga sifatli yetkazib berish, aviachiptalarning narxini arzonlashtirish, Nukus shahridan qo‘shni mamlakatlarga, shu jumladan, Qozog‘iston Respublikasining bir qator shaharlariga aviareyslar qatnovini yo‘lga qo‘yish, aviakompaniyaga ishga joylashish masalalarida murojaatlar bildirildi. Ularning aksariyati joyida ijobiy yechim topdi.
Shuningdek, “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi tomonidan aholi bilan uchrashuvlarni har bir hududda uyushtirish, yo‘lovchilarni qiynayotgan masalalarga yechim topib, ularning taklif-mulohazalarini o‘rganish ishlari davomli bo‘lishini ta’minlash haqida ham so‘z yuritildi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat),
O‘zA muxbirlari.