Iqlim o‘zgarishi sabab yuzaga chiqayotgan global oziq-ovqat inqiroziga javob izlash maqsadida Yangi Zelandiyaning Kraystcherch shahridagi O‘simlik va oziq-ovqat tadqiqot instituti olimlari o‘simlik hujayrasidan to‘qima – po‘stsiz meva yetishtirmoqda.

Ommaviy axborot vositalari xabariga ko‘ra, ilmiy tadqiqotchilar shu yo‘l bilan, kun kelib, haqiqiy meva ta’mi va hidiga ega bo‘lishdan umidvor.

Yetakchi mutaxassis Ben Shon shunday deydi:

– Kelajakda aholi o‘sishi, urbanizatsiya, ortga qaytmas iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq turli o‘zgarishlar ro‘y beradi. Biz bu haqda jiddiy o‘ylayapmiz.

Olimlar yaratayotgan yangi meva nafaqat terisiz, balki odatda tashlab yuboriladigan qismlarsiz, masalan olma po‘choqsiz, apelsin qobiqsiz bo‘ladi. Shon fikricha, ayni kashfiyot oziq-ovqat chiqindisi miqdorini keskin kamaytiradi.