Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an Nyu-Yorkda “Tesla” kompaniyasi sohibi Ilon Mask bilan uchrashdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ijtimoiy tarmoq orqali ma’lum qildi.

“Erdog‘an Nyu-Yorkdagi Turk uyida “Tesla” va “SpaceX” kompaniyalari asoschisi Ilon Maskni qabul etdi”, deyiladi bayonotda.

Suhbat chog‘ida davlat yetakchisi tadbirkorga “Tesla” elektromobil ishlab chiqaruvchi zavodining yettinchisini Turkiyada ochish taklifini berdi.
“SpaceX” bilan istiqboldagi taraqqiyotni qayd etarkan, Erdog‘an Maskni sentyabr oyida Izmir shahrida o‘tadigan texnologiya ko‘rgazmasida ishtirok etishga da’vat qildi. Prezident milliarderga mamlakatining raqamlashtirish konsepsiyasi va sun’iy intellekt sohasidagi milliy strategiyasi to‘g‘risida gapirib berdi.

Bu Turkiya yetakchisining tadbirkor bilan birinchi uchrashuvi emas. Ular o‘tgan yil Qatarda, futbol bo‘yicha jahon chempionati final o‘yini vaqtida ham ko‘rishgan.