AQSH Prezidentining milliy masalalar bo‘yicha yordamchisi Jeyk Sallivan va Xitoy Tashqi ishlar vaziri Van I boshchiligidagi delegatsiyalarning 16-17 sentyabr kunlari Maltada o‘tgan muzokarasi 12 soat davom etdi. Bu haqda Vashington ma’muriyatining yuqori darajadagi vakili ma’lum qildi.

“Ikki kun davomida tomonlar jami 12 soat atrofida muzokara olib borishgan”. Siyosatchi, shuningdek, yaqin oylarda amerikalik va xitoylik vakillar mintaqadagi masalalarni muhokama qilish uchun qator uchrashuvlar tashkil etishini tasdiqladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, “ikki tomon AQSH va XXR munosabatlarini barqarorlashtirish o‘ta zarur ekanligini tasdiqlagan”.

Vakil Vashingtonning Pekinga Tayvan orolidagi harakat yuzasidan xavotir bildirganini aytib o‘tdi.

Avvalroq Oq uy Sallivan va Van I Ukraina va Tayvandagi vaziyat yuzasidan gaplashgani haqida xabar bergan edi.

Rossiya TIV ma’lumotiga ko‘ra, ikki davlat tashqi siyosat mahkamasi rahbarlari bugun, 18 sentyabrda uchrashuv o‘tkazadi.