KXDR chorshanbaga o‘tar kechasi Yapon dengizi tomonga ikkita ballistik raketa uchirdi. Bu haqda Yaponiya Qirg‘oq xizmati ma’lum qildi.

Xabarda aytilishicha, raketalar yetib borgan joy ma’lum emas.

Mamlakat jamoat televideniyesi Mudofaa vazirligiga tayanib, “raketalar Yaponiya iqtisodiy hududidan tashqariga tushgan”ini aytgan.

Hukumat muayyan axborotni to‘plash va tahlil qilishni boshlab yubordi, deyiladi xabarda.

Vazirlar Mahkamasi Bosh kotibi Xirokazu Matsuno Shimoliy Koreyaga keskin norozilik bildirilganini ma’lum qildi.

“Norozilik Pxenyanga Pekindagi elchixonamiz vositachiligida yetkazildi”, dedi u.

KXDR yil boshidan beri 20 marta raketa uchirgani taxmin qilinyapti.