Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 11 iyul kuni investitsiyalar jalb qilishni yanada kengaytirish chora-tadbirlari muhokamasi bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida tarmoq va hududlardagi investitsiya ko‘rsatkichlari, loyihalarning ijrosi va yil yakunigacha bo‘lgan ustuvor vazifalar belgilandi.

Joriy yilning o‘tgan olti oyida tarmoqlarda 3,6 milliard dollarlik investitsiyalar o‘zlashtirilgani, lekin ayrim hudud va tarmoqlarda bu ko‘rsatkich past, investitsiya muhiti qoniqarsiz ekani qayd etildi.

Yig‘ilishda investitsiya dasturlaridagi 1 ming 500 ta loyihani tezlashtirish va 12 milliard dollardan ziyod xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish bo‘yicha qo‘shimcha vazifalar belgilandi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasida mazkur topshiriqlar ijrosini ta’minlashga qaratilgan majlis o‘tkazildi.

Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari Bahriddin Valiyev boshqargan majlisda 2023 yil uchun belgilangan xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish rejasi bajarilishining joriy holati ko‘rib chiqildi. Ularni amalga oshirishda yuzaga kelayotgan muammolar va bartaraf etish yuzasidan ko‘rilayotgan choralar muhokama qilindi.

Investitsiya dasturi doirasida 117 xorijiy moliya institutlari mablag‘lari ishtirokidagi loyihalarning har biri tanqidiy muhokama qilindi. Shundan muammoli 55 loyihaga mas’ul xodimlar biriktirilib, ularni o‘zlashtirish bo‘yicha aniq choralar belgilash haqida takliflar ishlab chiqildi.

Shu bilan birga, dastur doirasida vazirliklar, idoralar va xo‘jalik birlashmalari tomonidan amalga oshirilayotgan 302  ta loyiha muhokama qilindi.

Muhokamada 46 ta loyihani amalga oshirishda muammo mavjudligi aniqlanib, ularni bartaraf etish yuzasidan chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. Uni ta’minlash uchun vazirlik va idoralarga ko‘rsatma hamda topshiriqlar berilib, ijrosi nazoratga olindi.

 

N.Abduraimova,  

O‘zA