Turkiya Prezidenti mamlakatimiz parlamenti oldida chiqish qildi

Kunning ikkinchi yarmida Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘on O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga tashrif buyurdi.

Turkiya rahbari Oliy Majlis Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari oldida nutq so‘zladi.

O‘zbekiston Respublikasi Turkiya bilan teng huquqli, o‘zaro manfaatlarga asoslangan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy munosabatlarga tayangan strategik hamkorlikni yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Ayni paytda aloqalar ijtimoiy-siyosiy yo‘nalishlarda ham yangi bosqichda rivojlanib bormoqda.

2.JPG

So‘nggi yillarda mamlakatlarimiz rahbarlarining siyosiy irodasi, azmu shijoati va qat’iyati tufayli mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarda yangi sahifa ochildi.

Mamlakatimiz parlamentining faoliyati Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ishlab chiqilgan 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi asosida takomillashib bormoqda. Xalqimizning huquq va erkinliklarini ta’minlash, manfaatlarini himoya qilish borasida e’tiborga molik ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Oliy Majlis palatalari a’zolari xalq ichiga kirib, odamlarni tashvishlantirayotgan muammolarni joyida o‘rganish va hal etish amaliyotini yo‘lga qo‘ydi.

So‘nggi yillarda Oliy Majlis palatalarining xalqaro parlamentlararo munosabatlari ham tobora rivojlanib bormoqda.

Prezidentimizning o‘tgan yil 25-26 oktyabr kunlari Turkiyaga davlat tashrifi chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi bilan Turkiya Respublikasi Buyuk millat majlisi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolangan edi. Shu bilan birga jahonda kuzatilayotgan tezkor o‘zgarishlar va taraqqiyotga hamohang rivojlanishni ta’minlash, parlamentimizning Turkiya parlamenti bilan aloqalarini mustahkamlash maqsadida “O‘zbekiston – Turkiya” parlamentlararo do‘stlik guruhiga asos solindi.

3 (1).JPG

Rejep Tayyip Erdo‘g‘on o‘z nutqida ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar rivojlanib, yangi bosqichga ko‘tarilgani, bugungi muzokaralar uni yanada boyitganini ta’kidladi. Mamlakatlarimiz tomonidan tanlab olingan rivojlanish yo‘lini qat’iy qo‘llab-quvvatlagan holda, amaliy hamkorligimizni har tomonlama chuqurlashtirish, savdo-iqtisodiy aloqalar imkoniyatlarini kengaytirish, ishlab chiqarish quvvatlari, infrastruktura, energetika va qishloq xo‘jaligi sohalari bo‘yicha hamkorlikni yanada jonlantirish ishlarini amalga oshirishga e’tibor qaratilishini ta’kidladi.

 

Matnazar Elmurodov, A’lo Abdullayev (surat), O‘zA