Avval xabar berganimizdek, shu kunlarda mamlakatimizda Do‘stlik festivali o‘tkazilmoqda.

Anjuman doirasida poytaxtimizdagi “International hotel of Tashkent” mehmonxonasida “Xalqlar do‘stligini mustahkamlashda xalq diplomatiyasining o‘rni” mavzusida xalqaro konferensiya tashkil etildi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan har yili 30 iyul Xalqlar do‘stligi kuni sifatida keng nishonlanmoqda. Bu bayram ta’sis etilishi ko‘p millatli xalqimiz tomonidan ko‘tarinki ruhda kutib olindi.

Xalqaro anjumanda O‘zbekiston Respublikasi vazirlik, idora, tashkilot vakillari, xorijdagi vatandoshlar, xalqaro tuzilmalar va diplomatik korpus, jamoat birlashmalari, Do‘stlik jamiyatlari, Milliy madaniy markazlar, O‘zbekistondagi diniy konfessiyalar vakillari, olimlar ishtirok etdi.

Nufuzli anjumanga Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Rossiya, Estoniya kabi davlatlardan yetakchi ekspertlar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, fuqarolik jamiyati institutlari mutaxassislari ham tashrif buyurgan.

Konferensiyadan ko‘zlangan asosiy maqsad O‘zbekistonda xalq diplomatiyasi asosida chet eldagi vatandoshlarimiz bilan muntazam munosabatni yo‘lga qo‘yish, xorijiy mamlakatlar bilan do‘stona madaniy-ma’rifiy aloqani mustahkamlash orqali mamlakatimizda yashab kelayotgan barcha millat, elat vakillarining tarixi, madaniyati, ma’naviy qadriyati, milliy an’ana va urf-odatlarini saqlash, har tomonlama rivojlantirishdir.

Tadbir ishtirokchilariga Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining kam sonli millatlar bo‘yicha Oliy komissari Qayrat Abdraxmanov onlayn tarzda videotabrik yo‘lladi.

Qayd etilganidek, O‘zbekistonda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik ta’minlangan. Turli xalqlarning madaniyati va urf-odatini rivojlantirish uchun keng imkoniyat yaratilgan. Bu respublikamizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar zamirida avvalo inson manfaati, uning huquqi va erkinligini ta’minlash maqsadi ustuvorligidan dalolat. Binobarin, yurtimizda ahil-inoq yashab kelayotgan 130 dan ortiq millat, elat vakillari faol mehnati bilan yurtimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shib, ko‘plab yutuqlarni qo‘lga kiritib kelmoqda.

– 2017 yil Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan SHHT sammitida davlatimiz rahbari tashkilot doirasida  doimiy ravishda faoliyat yurituvchi “xalq diplomatiyasi”ni  joriy etish tashabbusini ilgari surgan edi, – deydi O‘zbekistondagi SHHT xalq diplomatiyasi markazi direktori Qobiljon Sobirov. – Bugungi tadbir ushbu tashabbusning amaliy ifodasi, deyish mumkin. Qolaversa, ushbu anjuman o‘tgan yil Toshkentda o‘tkazilgan “Xalq diplomatiyasi forumi”ning ham uzviy davomi. Anjumanda, xalq diplomatiyasi mexanizmidan samarali foydalangan holda, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlash, millatlararo munosabatni yanada kengaytirish,  dinlararo uyg‘unlikni shakllantirish, birodarlashgan shaharlar o‘rtasidagi kelishuvlarni ro‘yobga chiqarish, xorijdagi vatandoshlarimiz salohiyatidan keng foydalanish doirasida aniq taklif, tavsiyalar ishlab chiqildi. Kelgusida shu tavsiyalar asosida ish olib borish ko‘zda tutilgan.

Konferensiyaning yalpi majlisida O‘zbekiston tashqi siyosatida dunyo mamlakatlari bilan ishonchli munosabat va ochiq muloqotni mustahkamlash bo‘yicha erishilgan yutuqlar to‘g‘risidagi ma’ruzalar tinglandi.

Ta’kidlandiki, O‘zbekiston xalqaro munosabatlarning teng huquqli sub’ekti sifatida, mintaqa va global darajada faol tashqi siyosatni yo‘lga qo‘yib, xorijiy hamkorlar bilan o‘zaro manfaatli aloqa o‘rnatmoqda. E’tiborlisi, bunday izchil, aniq va konstruktiv tashqi siyosatni xalqaro ekspertlar va kuzatuvchilar ham e’tirof etmoqda. Ayni jarayonda “xalq diplomatiyasi”ning faolligi yaqqol namoyon.

Mazkur tadbir ham xalq diplomatiyasi, ilm-fan, madaniyat, san’at, ta’lim, millatlararo munosabatlar sohalarida bugungi kun masalalarini hamjihatlikda muhokama qilish, o‘zaro faol madaniy almashinuvga erishish imkoniyatini yaratishi bilan ahamiyatlidir.

Konferensiya sho‘’balarga bo‘lingan holda davom etdi. Birinchi yig‘ilish “Birodar shaharlar aloqalari – zamonaviy davlatlararo munosabat timsoli”, ikkinchi sho‘’ba “Xalq diplomatiyasi rivojlanishida xorijdagi vatandoshlar o‘rni” mavzusiga bag‘ishlandi. Yurtimizda faoliyat olib borayotgan milliy madaniy markazlar raislari, xalqaro tashkilotlar vakillari, diniy konfessiyalar mutasaddilari milliy siyosat, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik borasida fikr, mulohazalarini bildirishdi.

Tadbir yakuni bo‘yicha tegishli rezolyutsiya qabul qilindi.

Go‘zal Sattorova, Muhammad Amin (surat), O‘zA