Har yili dunyoda 325 millionga yaqin odam gepatit B virusi va kamida 200 million kishi gepatit C virusi bilan kasallanadi.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi rahbariyati, ilmiy-tadqiqot instituti mutasaddilari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida O‘zbekistonda gepatitga qarshi kurash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.

Qayd etilishicha, gepatit B va C virusi sababli har yili 1,4 million odam vafot etadi. Bu esa OIV/OITS va bezgakdan ko‘proq deganidir.

Yurtimizda ushbu xavfli kasallikni o‘z vaqtida profilaktika va diagnostika qilish, ularni davolash bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Virusli gepatitlarning “V” va “S” turlarini erta aniqlash uchun respublikaning barcha hududlarida skrining tekshiruvlarini o‘tkazish va kasallikni davolash qamrovini oshirish maqsadida 65 dan ziyod oilaviy va ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarda ushbu kasallikni aniqlash uchun bepul skrining tashkil etildi.

2023 yilning 1 iyul holatiga ko‘ra, respublika hududlarida 338 ming 285 nafar shartli sog‘lom shaxslar VGSga va 338 ming 285 nafar aholi VGVga tekshirildi. Ulardan 6 ming 230 nafarida surunkali virusli gepatit S va 8066 nafarida virusli gepatit V aniqlandi.

Skrining tekshiruvlarida virusli gepatitning S turi tasdiqlangan 6 ming 230 nafar bemorlarni davolash ishlarini o‘tkazish maqsadida virusga qarshi dori vositalarining sofosbuvir va daklatosvir kabi dorilari tarqatildi.

Misr Arab Respublikasidan beg‘araz yordam sifatida 800 ming qadoq daklotasvir va sofosbuvir dori vositalari (umumiy qiymati 4,8 million AQSH dollari) bir necha qismlarga bo‘lib yuborilishi rejalashtirilgan. Hozirgi kunda Misr Arab Respublikasidan beg‘araz yordam sifatida yuborilgan gepatit Sga qarshi 60 000 qadoq daklatasvir va 7 000 qadoq sofosbuvir dori vositalari respublikada skrining tekshiruvida virusli gepatit S turi aniqlangan bemorlarga bepul tarqatilmoqda.

Shuningdek, kasallik yuqishi xavfi yuqori bo‘lgan shaxslarni, shu jumladan, qon va uning tarkibiy qismlari bilan ishlovchi jami 119 013 ming nafar tibbiyot xodimlari gepatit “V” infeksiyasiga qarshi emlangan. Vaksinalar, test-to‘plamlari va virusga qarshi dori vositalarining xavfsizligi, sifati va samaradorligi nazorati takomillashtirilgan.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA