Davlat rahbarining joriy yil 26 iyulda “Toshkent shahrida davlat va tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlik asosida investitsiya loyihalarini amalga oshirish va shahar infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha huquqiy eksperimentni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori e’lon qilindi.

Unga ko‘ra, 2023 yil 1 oktyabrdan Adliya vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Kadastr agentligi, Soliq qo‘mitasi va boshqa davlat organlari axborot tizimlaridagi munitsipal mulklar to‘g‘risidagi ma’lumotlar ushbu tizimlarni o‘zaro integratsiya qilish orqali “Raqamli Toshkent” kompleks dasturiga yuklanadi.

2024 yil 1 yanvardan munitsipal mulklarning har biriga nisbatan samaradorlikning muhim ko‘rsatkichlari belgilanadi va ularning bajarilishi “Toshkent Invest kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyati tomonidan monitoring qilinadi.

Toshkent shahridagi davlat ko‘chmas mulkidan foydalanganlik uchun ijara to‘lovining eng kam stavkalari hamda kichik sanoat zonalarida tadbirkorlar tomonidan to‘lanadigan ijara to‘lovi miqdorlari har yili 31 dekabrgacha bozor tamoyillari asosida belgilanadi.

2023 yil 1 oktyabrdan Toshkent shahrida belgilangan ob’ektlar Kompaniya tomonidan loyiha qiymati 1 million AQSH dollarigacha ekvivalentdagi davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirishning soddalashtirilgan tartibi joriy etiladi.

2024 yil 1 yanvargacha kommunal xizmat ko‘rsatish korxonalari axborot tizimlarini “Raqamli Toshkent” kompleks dasturiga integratsiya qilish orqali muammolarni aniqlash va tezkor hal etish tizimi joriy qilinadi.

2024 yil 1 martdan “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va “Hududgazta’minot” AJ korxonalarining Toshkent shahri filiallari “Toshkent shahar elektr tarmoqlari” MCHJ va “Toshkent shahar gaz ta’minoti” MCHJ sifatida qayta tashkil etiladi.

Shuningdek, 2024 yil 1 yanvardan oqar suv, jumladan texnik suv resurslaridan to‘lov asosida foydalaniladi.

O‘zA