Prezident Shavkat Mirziyoyev 21 iyul kuni Toshkentning Sergeli tumanidagi “Alutex” korxonasi faoliyati bilan tanishdi.
Mamlakatimizda muqobil energetikani rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Xususan, quyosh panellari o‘rnatish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar boshlangan. Bu alyumin profillarga talabni oshirmoqda.
Joriy yil may oyida “Alutex” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan oyna va quyosh panellari uchun profillar tayyorlash loyihasi ishga tushirildi. Bu korxona 350 dan ortiq turdagi, yiliga 30 ming tonna alyumin profil ishlab chiqarish quvvatiga ega.
Davlatimiz rahbari bu yerdagi ish jarayoni va mahsulotlarni ko‘zdan kechirdi.
– Dunyodagi yetakchi kompaniyalar bilan birgalikda umumiy quvvati 15 gigavattdan ortiq quyosh va shamol stansiyalarini barpo etmoqchimiz. “Yashil” energetika – mahalliy ishlab chiqaruvchilarimiz uchun tayyor bozor, katta imkoniyat. Faqat asosiy talab – sifat, – dedi Prezident.
Korxonaga Italiya, Janubiy Koreya va Turkiyadan eng zamonaviy uskuna va jihozlar keltirib o‘rnatilgan. Natijada 400 ta yangi ish o‘rni yaratilgan. Sentyabr oyidan qo‘shimcha yangi 130 turdagi alyumin profillar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Import o‘rnini bosishdan tashqari, mahsulotlarning bir qismini eksportga yo‘naltirish rejalashtirilgan.