Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida 2022-2023 o‘quv yili yakuniga bag‘ishlangan “Oq yo‘l sizga, bitiruvchi!” mavzusida tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda professor-o‘qituvchilar, pedagog xodimlar, bakalavr ta’lim yo‘nalishi hamda magistratura mutaxassisliklari bitiruvchilari, ularning ota-onalari, keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Qayd etilganidek, 2022-2023 o‘quv yilida institutni bakalavriatning kunduzgi ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha jami 2 ming 781 nafar, sirtqi ta’lim bo‘yicha 597 nafar, ikkinchi mutaxassislik bo‘yicha 289 nafar, magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha 663 nafar magistr tamomlab, xalq xo‘jaligining turli sohalarida faoliyatini boshlamoqda. Bitiruvchilar orasidan 1 ming 200 nafardan ziyodi tegishli ish beruvchilar bilan uch tomonlama shartnomalar imzolash orqali ish joylariga yo‘llanmalar oldi.

Yakunlanayotgan o‘quv yili institut jamoasi uchun muvaffaqiyatli yil bo‘ldi. Institutning 11 nafar talabasi Prezident, Islom Karimov, Navoiy, Ibrayim Yusupov, To‘lepbergen Qayipbergenov, Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li nomidagi davlat stipendiya sohiblari bo‘ldi. Institut talaba yoshlari “Universiada – 2022” sport musobaqalari respublika final bosqichida muvaffaqiyatli ishtirok etib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi terma jamoasining mamlakatimiz miqyosida uchinchi o‘rinni egallashga munosib hissa qo‘shdi. Musobaqa yakunlari bo‘yicha 175 million so‘mlik sport inventarlaridan iborat “Prezident sovg‘asi” institut jamoasiga topshirildi.

Tadbirda bakalavriat ta’lim yo‘nalishi hamda magistratura mutaxassisliklari bitiruvchilariga diplomlar topshirildi. Shuningdek, ta’lim, madaniyat, sport va boshqa sohalarda yuksak natijalarga erishgan, respublika va xalqaro tanlov, fan olimpiada g‘oliblariga va ularning ota-onalariga esdalik sovg‘alar, tashakkurnoma va faxriy yorliqlar topshirildi.
Ishtirokchilarga san’at ustalarining konsert dasturi namoyish etildi.

Dovud ABIBULLAEV, 

Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA