9 iyul kuni Xalq demokratik partiyasidan nomzod Ulug‘bek Inoyatov, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan nomzod Shavkat Mirziyoyev, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan nomzod Robaxon Mahmudova, O‘zbekiston Ekologik partiyasidan nomzod Abdushukur Hamzayev Prezident saylovida ovoz berdi.
* * *
O‘zbekiston Respublikasi Xalq demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Ulug‘bek Inoyatov poytaxtimizning Shayxontohur tumanidagi 427-saylov uchastkasida ovoz berdi.
Prezident saylovi doimo demokratik davlatlar taraqqiyoti va fuqarolarning siyosiy huquqlari tizimida muhim institut sifatida markaziy o‘rinni egallab kelgan. Zero, har qanday demokratik jamiyat o‘zagini erkin va adolatli saylovlar tashkil etadi.
Shiddat bilan rivojlanib borayotgan mamlakatimiz taraqqiyotida fuqarolarimiz qonunda belgilangan saylash huquqidan foydalanib, o‘zlarining siyosiy faolliklarini namoyon etdi.
Bo‘lib o‘tgan Prezident saylovida siyosiy partiyalar tomonidan har qachongidan ham jiddiy tayyorgarlik ko‘rilgani ovoz berish jarayonida aholining ko‘tarinki ruh bilan ishtirok etganligida yaqqol sezildi.
Saylov jarayoni to‘liq xalqaro huquq normalariga mos, oshkoralik, ko‘p partiyaviylik, erkinlik, tenglik tamoyillariga muvofiq o‘tdi. Bunda saylov tizimiga oid qonunchilikda fuqarolarning saylovoldi kampaniyasida va ovoz berishda erkin qatnashishi, ovoz berish yashirinligi, buni har bir fuqaroning o‘zi bevosita amalga oshirishi belgilab qo‘yilgani alohida ahamiyat kasb etdi.
Hamyurtlarimiz O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida faol qatnashdi. Bu esa ularning Vatan taqdiri, yurt kelajagi, farzandlarimizning ertangi kuniga mas’uliyatni astoydil his etayotganidan darak beradi.
* * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan Prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev 9 iyul kuni oila a’zolari bilan birga Toshkent shahridagi 59-saylov uchastkasiga tashrif buyurib, saylovda ovoz berdi.
Ma’lumki, joriy yil 30 aprelda bo‘lib o‘tgan referendum natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi yangi tahrirda qabul qilindi. Unda huquqiy, dunyoviy va ijtimoiy tamoyillar yanada mustahkamlanib, davlatning bu boradagi majburiyatlari oshdi. Yangilangan Konstitutsiya davlat hokimiyati oldiga yangi siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy vazifalarni qo‘ydi.
Shu bois davlatimiz rahbari Konstitutsiyaning 128-moddasiga muvofiq, muddatidan ilgari Prezident saylovi o‘tkazish haqida xalqimizga murojaat qildi. Bu tashabbus Oliy Majlis palatalari, siyosiy partiyalar hamda jamoatchilik faollari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Markaziy saylov komissiyasi 4 ta siyosiy partiyadan nomzodlarni ro‘yxatga oldi. 14 ta saylov okrugi va 10 ming 784 ta saylov uchastkasi tuzildi. Saylovda ishtirok etgan barcha nomzodlarga teng va erkin sharoitlar yaratildi.
Prezident saylovi mamlakatimizning buguni va kelajagi, xalqimiz farovonligiga ta’sir etuvchi muhim siyosiy voqeadir. Fuqarolar buni chuqur his etib, saylovda faol ishtirok etdi.
Bu jarayonni 47 ta davlat va 15 nufuzli xalqaro tashkilotdan jami 797 nafar xalqaro kuzatuvchi bevosita kuzatib bordi, ommaviy axborot vositalari keng yoritdi.
* * *
O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan Prezidentlikka nomzod Robaxon Mahmudova Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 21-saylov uchastkasiga oilaviy tashrif buyurdi. Saylovlar jarayonida ishtirok etib, ovoz berdi.
Yurtimizda demokratik tamoyillar asosida ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarni qonunchilik yo‘li bilan muvofiqlashtirish, aholining turmush sifati va darajasini yanada oshirishga qaratilgan islohotlar o‘z samarasini bermoqda.
Kuni kecha bo‘lib o‘tgan muhim siyosiy tadbir – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ham mamlakatimiz fuqarolari yana bir tarixiy voqelikning bevosita ishtirokchisi va guvohi bo‘ldilar.
Chunki, saylovlar kuchli fuqarolik jamiyatiga asoslangan demokratik huquqiy davlatning ajralmas belgisi bo‘lib, xalqning o‘z xohish-irodasini erkin ifodalashi, jamiyat va davlat boshqaruvida fuqarolar ishtirokining asosiy shaklidir.
Ta’kidlanganidek, bu galgi saylovda kuchli fuqarolik jamiyatiga asoslangan demokratik huquqiy davlatda ochiqlik, shaffoflik tamoyili ta’minlanayotgani ochiq namoyon bo‘ldi.
Yurtimiz kelajagi, uning yanada taraqqiy topishi saylovlarning eng yuksak demokratik talablar va umume’tirof etilgan xalqaro standartlarga mos, Bosh qomusimizda mustahkamlangan qoidalar asosida o‘tishiga, saylovchilarning faolligi va ular qabul qiladigan qarorga bog‘liq.
* * *
O‘zbekiston Ekologik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Abdushukur Hamzayev Toshkent shahridagi 583-saylov uchastkasida ovoz berdi.
Darhaqiqat, so‘nggi yillarda mamlakatimizda yashil iqtisodiyotni rivojlantirish, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, iqlim o‘zgarishining oldini olish borasida tizimli ishlar amalga oshirildi.
Negaki, xalqimiz va kelajak avlod uchun munosib turmush sharoitlari yaratish hamda farovon jamiyat barpo etishda, eng avvalo, barqaror ekologik muhit yaratilishining o‘z o‘rni bor.
Mamlakatimizda aholining turmush sifati va darajasini yanada oshirishga qaratilgan islohotlar bugun o‘z samarasini berib kelmoqda.
Prezident saylovi saylovlar davomida to‘plangan milliy tajriba, ilg‘or xorijiy amaliyot, shuningdek, xalqaro standartlar asosida shakllantirilgan Saylov kodeksi asosida bo‘lib o‘tdi. Mazkur Saylov kodeksida Prezident saylovining o‘ziga xos xususiyatlari bilan birga, siyosiy partiyalar va ularning nomzodlari tomonidan olib borilayotgan tashviqot turlari, shakllari hamda usullari aniq belgilab qo‘yildi.
Eng muhimi, xalqimizning mazkur siyosiy jarayon – Prezident saylovida faolligi sezildi. Bu jarayonning adolatli va shaffof o‘tishiga munosib hissa qo‘shdi.
O‘zA