Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetida “Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida bo‘lib o‘tgan ikkinchi respublika Yoshlar forumida mazkur o‘quv yurtining Nukus filiali talabalari ham faol ishtirok etdi.

Ushbu forum doirasida  turli tanlovlar, sport musobaqalari,  yoshlar ijod namunalari ko‘rgazmalari, “Munozara-debat” va “Zakovat” intellektual o‘yinlari, shu bilan birga, bitiruvchi talabalarning tantanali bitiruv kechasi, “Veterinar qasamyodi” marosimi o‘tkazildi.

Filial talaba yoshlari mazkur tadbirlarda o‘z iste’dodlarini namoyon qildi. Ayniqsa,  ular tomonidan qoraqalpoq milliy raqsining ijro etilishi ko‘pchilikning olqishiga sazovor bo‘ldi. Shuningdek,  talabalar “Munozara-debat” intellektual o‘yinida faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi va diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Universitet rektori, professor Xudoynazar Yunusov Nukusdan tashrif buyurgan talabalar bilan suhbatlashdi. Tantanali taqdirlash marosimidan so‘ng forum yakuni bo‘yicha gala-konsert tashkil etildi. Estradamizning taniqli vakillari ishtirokidagi ajoyib konsert dasturi barchaga xush kayfiyat ulashdi.

Ertasi kuni  universitet binosi bo‘ylab  ekskursiya tashkil etildi. Filial talabalari o‘quv-laboratoriya xonalari, veterinariya klinikasi bilan yaqindan tanishib, bu yerda tahsil olayotgan talabalarga yaratilgan sharoitlardan katta taassurotlar  oldi.

Tashrifning oxirgi kunida  filial jamoasi  Registon majmuasiga sayohat qildi. Yangi O‘zbekiston yoshlarini ezgu maqsad yo‘lida birlashtirgan forumdagi ishtirok va shaharning diqqatga sazovor joylariga tashrif talabalarga bir olam zavq ulashishi bilan birga qaynoq taassurotlar in’om etdi.

Dovud ABIBULLAEV, O‘zA