O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 11 apreldagi “Mahallalarda yoshlarni ommaviy sportga jalb qilishni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish va madaniyat, san’at, sport, kitobxonlik, axborot texnologiyalari yo‘nalishlari bo‘yicha iqtidorlarini kashf etish hamda qo‘llab-quvvatlash maqsadida besh bosqichda (mahalla-sektor-tuman-hudud-respublika darajasida) “Besh tashabbus olimpiadasi” bellashuvlari yo‘lga qo‘yilgan.
Ayni paytda joylarda “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasidagi sport turlari bo‘yicha Respublika final bellashuvlari o‘tkazilmoqda.
Jumladan, stritbol bo‘yicha o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi “B” liga final musobaqalariga 16 iyundan Chirchiq olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi mezbonlik qilmoqda. Chirchiq olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida musobaqaning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi yoshlar siyosati va sport vazirligi boshqarma boshlig‘i Muqimjon Arziqulov, Toshkent viloyati hokimi o‘rinbosari Otabek Sultonbekov, Toshkent viloyati yoshlar siyosati va sport bosh boshqarmasi boshlig‘i Rustam Boboqulov, Yoshlar ishlari agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi boshlig‘i Miraziz Mirsultonov, Chirchiq olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi direktori Ravshan G‘afurov va boshqalar sportchilarni qutlab, ularni musobaqalarda yuqori o‘rinlarni egallashlari uchun omad tiladi.
Ta’kidlash kerak, stritbol bo‘yicha o‘g‘il bolalar o‘rtasida 3 ta yosh toifasida (16-21, 22-26, 27-30) Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyatlardan 238 nafar yoshlar g‘oliblik uchun bellashmoqda.
Shuningdek, musobaqa ishtirokchilarining bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi uchun shaxmat-shashka, stol tennisi, badminton o‘yinlari, taniqli san’atkorlar ishtirokida madaniy tadbirlar tashkil etilgan.
Bir so‘z bilan aytganda, Chirchiq olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida musobaqa ishtirokchilari uchun barcha sharoitlar muhayyo etilgan. Musobaqa 20 iyunga qadar davom etadi.
Ilhom RAHMONOV tayyorladi