Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva Jeneva shahrida o‘tkazilgan Xalqaro mehnat konferensiyasining 111-sessiyasi doirasida XMT Xalqaro mehnat standartlari departamenti direktori Korin Varga bilan muzokara o‘tkazdi.

Muloqot chog‘ida munosib mehnat sharoitlarini yaratish, mehnat sohasida inson qadr-qimmati va erkinliklarini himoya qilish, mazkur yo‘nalishda xalqaro standartlarni real va izchil joriy etish masalalari muhokama qilindi.

Suhbat davomida XMT va O‘zbekiston o‘rtasidagi bugungi munosabatlar mustahkam va ishonchga asoslangan holda rivojlanib borayotgani alohida ta’kidlandi.

Xalqaro mehnat tashkiloti departamenti direktori O‘zbekiston tomoniga XMT bilan konstruktiv hamkorlik qilish yo‘lidagi qat’iyat va siyosiy iroda uchun minnatdorlik bildirdi.

– O‘zbekiston Xalqaro mehnat tashkilotining ko‘p yillik hamkori va shu hamkorlik natijasida o‘ziga xos tajriba to‘plandi, – dedi K.Varga. – Bu tajribadan biz bugungi kunda boshqa davlatlar bilan muloqot o‘rnatishda samarali  foydalanmoqdamiz. Mamlakatingiz XMT uchun boshqa davlatlar, ayniqsa, Markaziy Osiyo mintaqasida o‘ziga xos namuna bo‘la olishini alohida ta’kidlamoqchimiz.

Uchrashuv so‘ngida XMT konvensiyalarini ratifikatsiya qilish va ularning ijrosini ta’minlash yo‘nalishida hamkorlikni yanada kengaytirishga kelishib olindi.

N.Abduraimova, O‘zA