Poytaxtimizdagi “Hyatt Regency Tashkent” mehmonxonasida o‘tkazilgan maslahat uchrashuvi iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha tadbirlarga xususiy sektorni jalb qilishning innovatsion moliyaviy mexanizmlari muhokamasiga bag‘ishlandi.

Idoralararo ishchi guruhi a’zolari, mahalliy hamkorlar va mutaxassislar ishtirok etgan tadbirda “O‘zbekistonda moslashish choralari va harakatlarini o‘rta va uzoq muddatli rejalashtirishga ko‘maklashish uchun iqtisodiyot va mintaqalarning iqlim o‘zgarishiga eng zaif tarmoqlariga qaratilgan Milliy moslashish rejasi” loyihasi taqdimotiga ahamiyat qaratildi.

2020-2023 yillarga mo‘ljallangan ushbu loyiha BMTTD, Yashil iqlim jamg‘armasi va O‘zbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati markazi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Unda iqlim o‘zgarishiga moslashish tabiiy, ijtimoiy, iqtisodiy tizimlarni haqiqiy yoki kutilayotgan iqlim o‘zgarishiga va uning oqibatlariga moslashtirish kabi qator masalalarga tavsiyalar ishlab chiqish maqsad qilingan.

BMTTDning Iqlim moliyasi bo‘yicha tahlilchisi Nurillo Abdunabiyevning ma’lumot berishicha, ushbu loyiha jamoasi tomonidan taklif etilayotgan moliyaviy mexanizmlarni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm va Buxoro viloyatlarining ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlariga moslashtirish ko‘zda tutilgan.

– Loyihada  beshta soha, ya’ni, suv xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, uy-joy qurilishi  va favqulodda vaziyatlar uchun 12 ta va uchta sohalararo moliyaviy mexanizm taklif etilmoqda. Bu moliyaviy mexanizmlar  yanada takomillashtirilib, hukumatga taqdim qilinadi.  Masalan, ular orasida soliqdan imtiyoz, davlat tomonidan subsidiya ajratish, iqlim o‘zgarishida asosan cho‘llashayotgan hududlardagi ayollar va yosh bolalarni qo‘llab-quvvatlash kabi tavsiyalar bor. O‘z navbatida, bugun taqdimotda gender tengligini ham ta’minlovchi mexanizmlar haqida ham fikrlar bildirildi. Ushbu tavsiya etilayotgan moliyaviy mexanizmlarning ijobiy tomoni shundaki,  ular Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm va Buxoro viloyatlaridagi xususiy sektorni  moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun yordam beradi. Cho‘llashayotgan va suv tanqisligi kuzatilayotgan  fermer xo‘jaliklariga ko‘mak bo‘ladi, – dedi  N.Abdunabiyev.

Aytish joizki, iqlim o‘zgarishiga moslashish nafaqat davlat siyosatiga, balki ushbu jarayonning boshqa ishtirokchilari, jumladan, davlat va xususiy sektor, fuqarolik jamiyati vakillarining faol, uzluksiz ishtirok etishiga ham bog‘liq. Shu bois, mamlakatimizda Milliy moslashish rejasini ishlab chiqish jarayoni boshlandi. Iqlim o‘zgarishiga zaiflikni kamaytirishga qaratilgan chora-tadbirlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish samarali moliyaviy mexanizmlardan foydalanishni taqozo etadi.

– Milliy moslashish rejasi loyihasi bo‘yicha uchta hududda maslahat uchrashuvlari o‘tkazildi, – dedi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi direktori o‘rinbosari Kamoliddin Idrisov. – Ushbu tadbir loyihaning yakuniy taqdimoti hisoblanadi. Loyiha jamoasi iqlim o‘zgarishiga moslashishga qaratilgan tavsiyalarini taklif qilmoqda. Masalan, undan aynan shunday vaziyatda sug‘orishda qanday uskunalardan foydalanish yoki fermerlar faoliyatida nimalarga e’tibor berish, energiya tejamkor uskunalar haqida, shuningdek, sog‘liqni saqlash va favqulodda vaziyatlar bo‘yicha tavsiyalar o‘rin olgan.

Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA muxbiri