Sobiq Bosh vazirning tadbirkorligi haqida nimalar ma’lum?
O‘zA xabar berganidek, “Olg‘a, Italiya” partiyasi asoschisi va doimiy yetakchisi, Italiya hukumatini uch marta boshqargan Silvio Berluskoni 87 yoshida vafot etdi.
“Corriere della Sera” gazetasi sobiq bosh vazir bilan bog‘liq ayrim ma’lumotlarni e’lon qilar ekan, uning boyligi – hisobidagi pul miqdori, farzandlariga qolgan meros xususida alohida qaydlar keltirdi.
– Silvio Berluskoni mamlakatning eng badavlat shaxslaridan biri, – deyiladi maqolada. – Qariyb 5 milliard yevroga baholanayotgan boylik uning besh farzandi, 16 nabirasiga o‘tadigan bo‘ldi.
“Ednews” axborot agentligi ma’lum qilishicha, merosning asosiy ulushi 4,89 milliard yevroga baholangan “Fininvest” oilaviy xoldingiga to‘g‘ri keladi. Ro‘yxatda “Mediaset” telekompaniyasining 50 foizi, “Mondadori” nashriyotining 53 foizi, shuningdek, “Mediolanum” banki ham bor. Farzandlarning har biri 7,65 foiz merosga egalik qiladigan, Berluskoni esa 61,3 foizni saqlab qoladigan bo‘ldi.
“Forbes” biznes jurnali so‘nggi reytingida Berluskoni Italiyaning eng boy odamlari ro‘yxatida uchinchi o‘rinni egallagani ochiqlangan. U muayyan muddatlarda ushbu reytingni boshqargan ham. Bozor mezoniga ko‘ra, jurnal tadqiqotchilari marhumning boyligini 6,9 milliard yevroga baholagan.
Silvioga tegishli barcha kompaniyalar, jumladan, “Milan” va “Monsa” futbol klublari uchun “Fininvest” xoldingi asos bo‘lgan. Bu, o‘z navbatida, moliyaviy kamomadni qoplash imkonini bergan.
Sobiq Bosh vazir biznesdan tashqari bir nechta villa, saroy va boshqa turli shakldagi turar joyga egalik qilgan. Uning Milan yaqinidagi eng mashhur qarorgohi – Villa San Martino siyosatchi bilan vidolashuv maydoniga aylandi.
B.Xudoyberdiyev, O‘zA