Vazirlar Mahkamasi “Xiva shahrida Xalqaro etnosport festivalini o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Etnosport turlarini ommalashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2022 yil 25 maydagi PQ – 259-son qaroriga muvofiq, 2023 yildan boshlab har ikki yilda bir marotaba Xalqaro etnosport festivali o‘tkazilishi hamda Toshkent shag‘rida Milliy sport turlari va xalq o‘yinlari muzey ochilishi ko‘zda tutilgan edi.

Hukumat qaroriga ko‘ra, Xalqaro etnosport festivalining dastlabkisi 2023 yil 7-10 sentyabr kunlari Xiva shahridagi “Ichan qal’a” tarixiy majmuasida o‘tkaziladi.

To joriy yilning sentyabr oyiga qadar festival o‘tkaziladigan maydon va hududlar shay holatga keltiriladi, shuningdek, Xiva shahri bo‘ylab keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari amalga oshiriladi.

Xiva va Urganch shaharlarining markaziy ko‘chalari, diqqatga sazavor joylari, festival o‘tkaziladigan majmua atroflariga Etnosport assotsiatsiyasi tomonidan taqdim etilgan festival haqida ma’lumot beruvchi reklama roliklari, maxsus bannerlar, afisha va plakatlar o‘rnatiladi.

Xiva shahrida “Xalqaro etnofestival bog‘i” tashkil etiladi.

Olimpiya va paralampiya shon-shuhrati muzeyida Milliy sport turlari va xalq o‘yinlari bo‘limi tashkil etiladi. Xalq o‘yinlari va milliy sport turlariga oid eksponatlar ushbu bo‘limda saqlanadi.

O‘zA